Isroil Eronning yadroviy ob’ektlariga zarba bermoqchi – CNN

Olam

image

Isroil Eronning yadroviy ob’ektlariga harbiy zarba berishga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda AQSH razvedkasiga tayanib, CNN xabar berdi.

Manbalarning ta’kidlashicha, Isroil hali yakuniy qaror qabul qilmagan, ammo ularning harakatlari AQSH–Eron muzokaralarining natijasiga bog‘liq bo‘ladi.

AQSH rasmiylariga ko‘ra, so‘nggi oylar ichida Isroil tomonidan Eronga zarba berish ehtimoli sezilarli darajada oshgan. Shu sababli, AQSH razvedkasi Isroilga zarur yordam ko‘rsatishga tayyor turish uchun kuzatuv va ma’lumot to‘plash ishlarini kuchaytirgan.

Biroq Trampga yaqin manbalarning aytishicha, agar Eron tomonidan jiddiy provokatsiya bo‘lmasa, AQSH Isroilning hujumiga bevosita yordam bermaydi.

Agar Isroil zarba bersa, bu – AQSH va Isroil o‘rtasidagi munosabatlarning sovushiga olib kelishi, Yaqin Sharqda katta harbiy mojaro boshlanishi va Trampning diplomatik urinishlariga zarar yetkazishi mumkin.

Shuningdek, “The New Yor Times” nashrining yozishicha, Isroil 2025 yilning may oyida Eronga qarshi hujumlarni rejalashtirgan, ammo Tramp Eron bilan muzokaralarni boshlaganidan so‘ng bu rejadan vaqtincha voz kechgan. Biroq Isroil hali ham kelgusi oylar ichida zarba berish variantini saqlab qolgan.

AQSHning sobiq razvedka xodimi Jonatan Panikoffning fikricha, Isroil murakkab siyosiy bosim ostida qolgan. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSH va Eron o‘rtasidagi kelishuvni istamayapti, chunki bu Isroil manfaatlariga zid deb hisoblanmoqda. Shu bilan birga, u Trampning siyosiy ko‘magini yo‘qotishni ham istamaydi.

CNN bu borada izoh olish uchun AQSH Milliy xavfsizlik kengashi va Isroil Bosh vaziri devonxonasi bilan bog‘langan, ammo hozircha rasmiy javob olmagan.

Ma’lumot uchun, Tramp avvalroq Eronga yadroviy texnologiya kerak emas, chunki u allaqachon neftga boy, degan fikrni bildirgan edi. Amerika yetakchisi respublika yadro quroliga ega bo‘lishining oldini olish uchun Eronga qarshi “halokatli zarba” berishga tayyorligini ham qo‘chimcha qilgandi.

AQSH va Eron Ummon vositachi sifatida Tehron yadroviy dasturi bo‘yicha kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun to‘rt raund muzokara o‘tkazdi. Ulardan birinchisi 12 aprel kuni Ummon poytaxti Maskatda, ikkinchisi 19 aprel kuni Rimda, uchinchi va to‘rtinchisi 26 aprel va yana 11 may kuni Ummon poytaxtida bo‘lib o‘tdi. Maslahatlashuvlarda Eron delegatsiyasiga Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi, Amerika delegatsiyasiga esa Prezidentning maxsus vakili Stiven Uitkoff boshchilik qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon mamlakat harbiy-dengiz kuchlari rahbariyati bilan uchrashuvda AQSH Prezidenti Donald Trampning kuch ishlatish tahdidiga qaramay, Tehron Vashington bilan muzokaralarni davom ettirishi, ammo tinch yadroviy energiyani rivojlantirish huquqidan hech qachon voz kechmasligi haqida gapirgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Isroil yadro

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing