Isroil Eronga hujum qiladimi? Netanyaxu Putin orqali xabar yo‘lladi

Olam

image

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Rossiya Prezidenti Vladimir Putindan Tehronga Isroil Eron Islom Respublikasiga hujum qilish niyatida emasligi haqidagi xabarni yetkazishni so‘ragan. Bu haqda “Kan News” xabar berdi.

Nashrning diplomatik manbalarga tayanib yozishicha, Isroil va Eron o‘rtasidagi keskinlik fonida Putin va Netanyaxu yaqinda bir necha bor telefon orqali muloqot qilgan. Ushbu qisqa muloqotlar davomida Netanyaxu Putinga Isroilning Eronga hujum qilish niyati yo‘qligini aytgan va buni Tehronga yetkazishini so‘ragan. 

Ikki yetakchining so‘nggi telefon suhbati haqida Kreml 15 noyabr kuni ma’lum qilgan. O‘shanda ular G‘azodagi o‘t ochishni to‘xtatish masalasi, Eronning yadroviy dasturi va Suriyadagi vaziyatni barqarorlashtirish masalalarini muhokama qilgan. Bir oy avval Vladimir Putin Rossiya Isroildan Eron bilan qarama-qarshilikka qiziqish yo‘qligi haqida signal olayotganini aytgan edi. Bu Isroilning Eronga hujum qilish xohishi so‘nganini yana bir bor ko‘rsatib berdi. 

Ma’lum qilinishicha, Isroil hukumati Tehronning Isroil hududiga birinchi bo‘lib zarba berishi mumkinligidan xavotirda. Netanyaxuning bu murojaati aynan shunday ssenariyning oldini olishga qaratilgan.

Qayd etish joiz, 5 yanvar kuni Netanyaxu Tehron tomonidan bo‘ladigan har qanday hujum “jiddiy oqibatlarga” olib kelishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil hukumati va AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron va umuman mintaqaviy masalalar bo‘yicha bir xil pozitsiyaga ega. 

Putin esa Tehron tinch maqsadlarda yadroviy texnologiyalardan foydalanish huquqiga ega ekanini aytib, Moskva buni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan. U 2025 yil yozida AQSHning Eronga bergan zarbalarini asossiz tajovuz deb atagan.

Isroil-Eron urushi

2025 yilning 13 iyun kuni Isroil Mudofaa kuchlari Eronning yadroviy va harbiy ob’ektlariga qarshi keng miqyosli havo hujumini boshladi. Bu hujumlarda asosan Eron yadroviy inshootlari, harbiy boshqaruv markazlari va ramziy ob’ektlar nishonga olindi. Isroil rasmiylari bu operatsiyani Eronning yadroviy salohiyatini yo‘qotish va mamlakat xavfsizligini mustahkamlash maqsadida boshlaganini aytdi.  

Bu to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuv bir necha kun davom etdi. Isroil tomoni 200 dan ortiq nishonlarga hujum qildi, jumladan Natanz yadroviy markazi va boshqa muhim ob’ektlar ham nishonga aylanib ketdi. Ko‘plab yuqori martabali Eron harbiy rahbarlari, shu jumladan Eron inqilobiy gvardiyasi rahbarlari, Eron Qurolli kuchlari boshqaruvchilari va yadroviy mutaxassislar halok bo‘lgan deb xabar qilindi. 

Albatta, Eron tomoni ham osmondan tushayotgan raketalarni ikki qo‘lini og‘ziga tiqib kuzatib o‘tirmadi, javob choralarini ko‘rdi, bir kechada Isroil hududlarida “katta mushakbozlik uyushtirdi”. Eron birinchi hujumga javoban 150 dan ortiq balistik raketa va 100 dan ortiq dronlar orqali Isroil hududiga qarshi hujumlarini yo‘lladi. Raketa zarbalari Tel-Aviv, Hayfa, Petah-Tikva va boshqa shaharlarni nishonga oldi.  

22 iyun kuni Tramp Amerika xalqiga murojaat qilib, mamlakat Eronning uchta yadroviy ob’ektiga – Fordo, Natanz va Isfahonga zarba berganini e’lon qildi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu esa xalqqa qilgan murojaatida Trampga bu hujumlar uchun minnatdorlik bildirdi.

Shundan so‘ng, allaqachon g‘azab otiga minib ulgurgan Eron AQSHning Qatar va Iroqdagi bazalariga qarshi harbiy amaliyot boshladi. Bu O‘zbekiston vaqti bilan 23 iyun kuniga to‘g‘ri keldi. OAVning yozishicha, AQSH bazalariga qarshi amaliyotga “G‘alaba xabari” nomi berilgan. Qatar Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, Eron zarbalari oqibatida insoniy talafotlar qayd etilmagan.

“Ynet” nashrining yozishicha, Eron Qatardagi AQSH bazalariga 10 ta raketa, Iroqdagi AQSH bazasiga esa 1 ta raketa yo‘llagan. Eron Qurolli kuchlari Qatarda joylashgan AQSHning Al-Udeyd harbiy bazasiga zarba berganini ham tasdiqlagan. Shu tariqa Eron o‘z alamini Qatardan oldi.

Rasmiy va mustaqil manbalarga ko‘ra, 12 kun davom etgan urush davomida Eron tarafida tahminan 1 190 kishi halok bo‘ldi, 4 000 dan ortiq kishi jarohatlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Vladimir Putin Isroil Bin'yamin Netan'yaxu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing