Isroil Eronga hujum boshladi (video)

Olam

image

Isroil harbiy-havo kuchlari bugun, 13 iyunga o‘tar kechasi Eron hududiga zarba berdi. Bu haqda Isroil Mudofaa vaziri Isroil Katsga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Isroil ham favqulodda holat e’lon qilgan.

“Isroil davlatining Eronga zarbasidan so‘ng, yaqin kelajakda Isroil davlati va uning tinch aholisiga raketa va dron hujumi kutilmoqda”, dedi Kats.

Eron davlat televideniyesi mamlakat poytaxti Tehronning turli hududlarida kuchli portlashlar eshitilganini xabar qildi. Shuningdek, Eronning havo hujumidan mudofaa tizimi to‘liq shay holatga keltirilib, Eronning asosiy Imom Xomayniy aeroportida barcha parvozlar to‘xtatilgani xabar qilingan. Isroil ham havo hududini yopdi.

SAXAL Eron yadro dasturini nishonga olgan “Sherlar dunyosi” kodli operatsiyani boshlaganini tasdiqladi. SAXALning bildirishicha, Eronda bir necha kun ichida 15 ta yadroviy bomba yaratish uchun yetarli darajada boyitilgan uran bor va Isroil bu “muvofiq tahdid”ga qarshi chora ko‘rishi kerak.

“Isroil harbiy-havo kuchlari Erondagi mamlakat yadroviy dasturi va boshqa harbiy ob’ektlarga aloqador o‘nlab nishonlarga zarba berdi”, deyiladi SAXAL bayonotida.

Xususan, Natanzdagi Eron yadroviy inshooti yaqinida “bir nechta portlash tovushlari” eshitilgan.

“Biz Eronning yadroviy boyitish dasturining markaziga zarba berdik. Eronning ballistik raketa dasturining markaziga ham zarba berdik. Eron hali ham bizga zarar yetkazish uchun katta imkoniyatlarga ega. Operatsiya zarur bo‘lgan vaqtgacha davom etadi”, dedi Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu.

Axborot agentliklari, jumladan, “Reuters” agentligining xabar berishicha, Isroil havo kuchlari nafaqat Erondagi yadroviy va harbiy ob’ektlarga hujum qilgan, balki Islom Respublikasidagi harbiy va ilmiy rahbariyatni ham nishonga olgan. Ma’lum qilinishicha, zarbalar oqibatida Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni Husayn Salamiy va eronlik yadro olimlari Fereydun Abbosiy-Davoniy va Muhammad Mehdi Tehronchi halok bo‘lgan. Eron matbuotiga ko‘ra, Oyatulloh Xomanaiyning maslahatchisi Ali Shamxoniy og‘ir yaralangan.

Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy Isroildan qasos olish bilan tahdid qilgan. Xomanaiyning so‘zlariga ko‘ra, Isroil “qattiq jazo”ni kutishi kerak.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing