Isroil Eron yadroviy inshootlariga zarba berishi mumkin – WSJ
Olam
−
13 fevral
4087Isroil 2025 yilda Eron yadroviy ob’ektlariga “sezilarli” zarbalar berishni va hujumlar uchun AQSH Prezidenti Donald Trampdan yordam olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda AQSH razvedkasiga tayanib, “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, bu ma’lumot AQSH razvedka xizmatlarining tahliliy hisobotlarida keltirilgan bo‘lib, ular Jo Baydenning prezidentlik muddatining so‘nggi oyida hamda Donald Trampning Oq uyga qaytishidan so‘ng taqdim etilgan. Shu bilan birga, amerikalik amaldorlar Isroilning Eron yadroviy ob’ektlariga zarba berish uchun Qo‘shma Shtatlarning harbiy yordamiga muhtoj bo‘lishini aytgan.
“Isroil Tramp ma’muriyati davrida bu yordamni olish ehtimoli Bayden ma’muriyati davriga qaraganda yuqoriroq”, deyiladi xabarda.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu administratsiyasi mazkur xabarga munosabat bildirmagan, Isroil harbiylari ham ma’lumotlarga izoh berishdan bosh tortgan.
Ma’lumot uchun, 4 fevral kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp milliy xavfsizlik memorandumini imzolagan va u Eron yadro dasturiga “maksimal bosim” o‘tkazishini aytgan edi. Uning qayd etishicha, Vashington Tehronning yadro quroliga ega bo‘lishiga va uni yaratishiga ruxsat bera olmaydi. Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Trampning yadroviy qurol ishlab chiqarishdan qo‘rqishini asossiz deb atadi, chunki mamlakat Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga sodiqdir. Qolaversa, Eronda bu faoliyatga diniy taqiq qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerika Qo‘shma Shtatlari Eron bilan yangi bitim tuzib, uni taslim bo‘lishga majburlash maqsadini ko‘zlayotgani haqida xabar berilgandi. Aroqchining ta’kidlashicha, AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron xalqiga bosim o‘tkazish niyatida.
Mohimbegim Ma’rufaliyeva
LiveBarchasi
Toshkentga tramvay qaytadi.
13 mart
Trenddagilar
