Isroil deputatlari G‘arb davlatlarini 10 ming nafardan falastinlikni qabul qilishga chaqirdi

Olam

image

Isroil Knessetining (parlamentining) ikki a’zosi G‘azo sektoridagi inqirozni yumshatish uchun G‘arb davlatlarini 10 ming nafardan falastinlik qochqinni qabul qilishga chaqirdi. Bu haqda ularning “The Wall Street Journal” gazetasida chop etilgan maqolasida so‘z ochildi.

Maqola mualliflari Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning “Likud” partiyasi a’zosi, mamlakatning BMTdagi sobiq doimiy vakili Dani Danon va muxolifatdagi “Yesh Atid” partiyasidan saylangan deputat, “Mossad” razvedka xizmati rahbarining sobiq o‘rinbosari Ram Ben-Barak sanaladi.

"Qochqinlarni joylashtirish bo‘yicha tajribaga ega global tashkilotlar ularni qabul qilishga tayyor davlatlarga ko‘chib o‘tmoqchi bo‘lgan g‘azoliklarni joylashtirishga yordam berishi kerak", degan deputatlar.

Mualliflarning fikricha, bir qancha G‘arb davlatlari G‘azo aholisini kutib olish mas’uliyatini o‘z zimmalariga olishi zarur.

"Har bir mamlakat atigi 10 ming kishini qabul qilsa ham, bu inqirozni yumshatishga yordam beradi", deb ta’kidlaydi ular. 

Deputatlarning eslashicha, Yevropa mojarolardan qochgan qochqinlarga yordam berishning uzoq tarixiga ega.

“Xalqaro hamjamiyat rahm-shafqat ko‘rsatish, g‘azoliklarga yanada farovon kelajak sari harakat qilishda yordam berish hamda Yaqin Sharqda tinchlik va barqarorlikka erishish uchun birgalikda harakat qilish uchun ma’naviy burch va imkoniyatga ega”, deb xulosa qiladi mualliflar.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Isroil hukumati G‘azo sektorining 2,3 million aholisini Misrga Sinay yarimoroliga joylashtirish g‘oyasini taklif qilgan mamlakat razvedka vazirligi hujjati mavjudligini tan olgandi. Unda G‘azo sektori aholisini Sinay yarimoroli shimolidagi chodir shaharlarga ko‘chirish, u yerda doimiy shaharlar qurish va gumanitar koridor yaratish g‘oyasi bayon etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Falastin Isroil G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing