Isroil Damashq va Halab aeroportlariga zarba berdi – OAV

Olam

image

Isroil mudofaa kuchlari Damashq va Halab aeroportlarining uchish-qo‘nish yo‘laklariga raketa hujumi uyushtirdi. Bu haqda Suriya armiyasiga tayanib, SANA agentligi xabar berdi

“Bugun ertalab taxminan soat 05:25 da Isroil mudofaa kuchlari bir vaqtning o‘zida O‘rtayer dengizi g‘arbidagi Latakiya va bosib olingan Golan shahridan Damashq va Halab xalqaro aeroportlariga zarba berdi. Ikki aeroportning uchish-qo‘nish yo‘laklariga katta ziyon yetkazilishi ularning faoliyatini cheklab qo‘ydi”, deyiladi bayonotda.

Isroil mudofaa kuchlari vakillari esa hozircha bu ma’lumotga izoh bermagan. Agentlikning qo‘shimcha qilishicha, hozirda yuqoridagi aeroportlardagi muntazam reyslar Latakiya aeroportiga yo‘naltirilgan. 

Eslatib o‘tamiz, 11 oktyabr kuni Isroil mudofaa kuchlari Suriyadan mamlakatga bir necha marta raketa hujumi uyushtirilganini e’lon qilgandi. “Le Beck” Yaqin Sharq markazi ekspertlari esa Isroil beshta frontda jangga kirishi mumkinligini prognoz qilgandi. Ular frontlardan biri Suriya bilan bo‘lishini aytgandi

Isroil-Falastin mojarosi

Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.

Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi.  9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi. 

Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi.  Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.

Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil raketa hujumi Halab Damashq Golan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing