Isroil armiyasi JSST karvonini ham o‘qqa tutdi
Olam
−
18 Sentabr
2680Isroil mudofaa kuchlarining ikkita tanki G‘azo sektorida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti boshchiligidagi karvonga hujum uyushtirdi. Bu haqda JSST rahbari Tedros Adanom Gebreisus ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, voqea 14 sentyabr kuni JSST korteji missiyadan G‘azo sektori shimoliga qaytayotganda sodir bo‘lgan. Mashinalar ruxsat olib, nazorat-o‘tkazish punktidan o‘tganlarida Isroil tanklariga duch kelgan.
“Kolonna yaqinida tanklar o‘q uzdi. Yaxshiyamki, hech kim jabrlanmadi. Bu qabul qilinishi mumkin emas”, deb yozgan Gebreisus.
Ma’lumot uchun, 9 sentyabr kuni Isroil harbiylari G‘azo sektori shimolida gumonlanuvchilar bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lumot bilan BMT karvonini qo‘lga olgan. Unda BMT xodimlari emlash kampaniyasini boshlash uchun shimol tomonga ketayotgan edi. Ertasi kuni konvoy qo‘yib yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharqdagi Falastinlik qochqinlarga yordam va ishlar agentligi (UNRWA) olib ketayotgan insonparvarlik karvoni Isroil dengiz kuchlari tomonidan o‘qqa tutilgan edi.
LiveBarchasi