Isroil 90 nafar falastinlik mahbusni ozod qildi

Olam

image

Isroil G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha HAMAS bilan kelishuv doirasida 90 nafar falastinlik mahbusni ozod qildi. Bu haqda bugun, 20 yanvarga o‘tar kechasi ozod etilgan falastinliklarni "terrorchilar" deb atagan Isroil qamoqxona xizmatiga tayanib, "Reuters" xabar berdi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, oynalari qoraytirilgan ikkita avtobus Iordan daryosining g‘arbiy sohilida joylashgan Ofer harbiy qamoqxonasi hududidan chiqib ketgan. "The Times of Israel" nashrining yozishicha, ozod etilganlarning 78 nafari G‘arbiy Sohildan, 12 nafari esa Sharqiy Quddusdan. "Ynet" portali ma’lumotlariga ko‘ra, ular orasida 69 nafar ayol, jumladan, bir nafar voyaga yetmagan, 8 nafar bola va 12 nafar nisbatan kichik jinoyatlar uchun sudlangan erkak.

Bir necha soat avval HAMAS garovga olingan uch nafar isroillik: 24 yoshli Romi Gonen, 28 yoshli Emili Damari va 31 yoshli Doron Shtaynbrexerni ozod qilgan edi. Ular urishayotgan tomonlar o‘rtasidagi kelishuvning birinchi bosqichini amalga oshirish doirasida Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasiga topshirildi. SAXAL ma’lumotlariga ko‘ra, ozod etilganlar harbiy va xavfsizlik kuzatuvi ostida Isroilga olib ketilgan va ularning ahvolini baholash uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi kelishuv shartlariga ko‘ra, birinchi bosqichda 737 nafar falastinlik mahbus ozod qilinadi. Ulardan 296 nafari umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. Shu bilan birga, AFP’ning aniqlik kiritishicha, 236 nafar falastinlik ozod etilganidan so‘ng darhol uchinchi davlatlarga – “asosan Qatar yoki Turkiyaga” yuboriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil sulh G'azo HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing