Isroil hujumlari tufayli 50 mingdan ortiq odam Livanni tark etdi – BMT
Olam
−
28 Sentabr
2337Isroilning mamlakatga bergan harbiy zarbalari tufayli kamida 50 ming kishi Livandan Suriyaga ko‘chib o‘tdi va 200 mingga yaqin kishi Livan ichida boshqa joyga ko‘chdi. Bu haqda BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari Filippo Grandi ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Livanda yashovchi 50 000 dan ortiq suriyalik va mahalliy aholi Isroil havo hujumlaridan qochib Suriyaga o‘tgan. 200 000 dan ortiq odam Livan ichida o‘z uyini tark etgan.
“Qutqaruv operatsiyalari davom etmoqda, jumladan BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi tomonidan ham ushbu ishlar amalga oshirilmoqda. Bu operatsiyalar zarur bo‘lgan barcha odamlarga yordam berish maqsadida har ikki mamlakat hukumatlari bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda”, deb yozadi Filippo Grandi X'dagi sahifasida.
Ma’lumot uchun, o‘tgan hafta Isroilning Livanga hujumi boshlangandan buyon 750 dan ortiq odam, jumladan bolalar va ayollar halok bo‘ldi. Iroq hukumati mamlakatga kelayotgan livanliklarga bepul viza berishni va viza muddati tugaganlarga uni uzaytirishni buyurdi. Suriya tomoni esa kelayotgan Livan fuqarolariga yordam ko‘rsatish uchun chegara punktlariga maxsus tibbiyot xodimlarini yuborib, shifoxonalarni 24 soatlik rejimga o‘tkazgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroilning bir sutkada yuzlab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan hujumlari tufayli Livanning "do‘zax"ga aylanishi xavfidan ogohlantirgan edi.
LiveBarchasi