Isroil hujumida 6 nafar eronlik olim halok bo‘ldi
Olam
−
13 iyun 5912 2 daqiqa
Isroilning Eron hududiga uyushtirgan yirik havo hujumi oqibatida olti nafar yadroviy olim halok bo‘ldi. Bu haqda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga (IIQQ) yaqin bo‘lgan “Tasnim” axborot agentligi xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, zarbalar bir necha shaharlar, jumladan, Tehron, Tabriz, Isfaxon (jumladan, Natanzdagi yadro inshooti), shuningdek, Loriston va Kirmonshoh viloyatlariga qaratilgan.
O‘ldirilgan olimlar ro‘yxatida Abdulhamid Menuchehr, Ahmad Rizo Zulfiqoriy, Amir Husayn Fag‘iy, Motlabizoda, Muhammad Mehdi Tehronchi va Feridun Abbosiy bor.
Qayd etilishicha, Feridun Abbosiy Eron Atom energiyasi tashkilotining sobiq rahbari bo‘lgan. 2010 yilda u suiqasddan omon qolgan, buning uchun Tehron Isroilni ayblagan. Muhammad Mehdi Tehronchi esa Islom Azad universiteti rektori lavozimida ishlagan.
Zarbalarda, shuningdek, yuqori martabali harbiy amaldorlar, jumladan Eron Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i, general-mayor Muhammad Bag‘iriy va IIQQ Bosh qo‘mondoni Husayn Salamiy ham halok bo‘lgan.
Mahalliy manbalarga ko‘ra, zarbalar Tehronning turarjoy hududlariga ham berilgan, tinch aholi halok bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 13 iyunga o‘tar kechasi Isroil Eronning bir qator yadro ob’ektlari va yuqori qo‘mondonlik binolariga hujum qilganini xabar qilgan edi. Buning ortidan endi Isroilga raketa otilishi mumkinligi munosabati bilan O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi ushbu mamlakatdagi o‘zbekistonliklarga tezkor ehtiyot choralarini ko‘rishni qat’iy tavsiya qilmoqda. Eron Islom Respublikasida istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolaridan ham xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilish so‘ralmoqda. Shuningdek, Eron havo hududining yopilishi munosabati bilan bir nechta reyslar Toshkentdagi muqobil aerodromga yo‘naltirildi.