Isroil hukumati Rafahga hujum qilish rejasini tasdiqladi

Olam

image

Isroil harbiy Vazirlar Mahkamasi besh oylik urushdan keyin Falastin anklavining 2,3 million aholisining yarmidan ko‘pi boshpana olayotgan G‘azo sektori janubidagi Rafah shahriga hujum qilish rejasini ma’qulladi. Bu haqda Bosh vazir Binyamin Netanyaxuning idorasi xabar berdi. 

Xalqaro ittifoqchilar tinch aholining keng miqyosda qurbon bo‘lishidan qo‘rqib, Netanyaxuni Rafahga hujum qilishdan tiyilishga chaqirgandi. Biroq Isroil bu yer HAMASning so‘nggi tayanch nuqtalaridan biri ekanini da’vo qilmoqda. Shuningdek, Isroil mahalliy aholi evakuatsiya qilinishiga va’da bergan.

Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi so‘zlovchisi Jon Kirbining aytishicha, Qo‘shma Shtatlar Rafah rejasini ko‘rmagan, lekin uni ko‘rishni xohlaydi. Kirbi HAMASning garovga olinganlarni ozod qilish evaziga o‘t ochishni to‘xtatish taklifi ehtimoliy variantlar doirasida ekanini qo‘shimcha qildi.

“Reuters” agentligining xabar berishicha, HAMAS vositachilar va Qo‘shma Shtatlarga o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha taklifni taqdim etgan bo‘lib, u isroillik garovga olinganlarni ozod qilish evaziga falastinlik mahbuslar, jumladan 100 nafar umrbod qamoq jazosini o‘tayotganlar ozod qilinishini nazarda tutadi.

Netanyaxu idorasining Rafah hujumi rejasiga oid bayonotida HAMASning garovga olinganlarni ozod qilish talablari real emasligi, ammo Isroil delegatsiyasining muzokaralar uchun Dohaga borishi ta’kidlangan.

Isroil bayonotida aytilishicha, SAXAL Rafahda “operatsiya va aholini evakuatsiya qilishga tayyorlanmoqda”. Hujjatda muddat belgilanmagan va joylarda qo‘shimcha tayyorgarlik ko‘rilgani haqida hech qanday dalil yo‘q.

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, AQSH Isroildan Rafah uchun aniq va amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan rejani taqdim etishini xohlaydi.

Eslatib o‘tamiz, 12 fevralga o‘tar kechasi Isroil Qurolli kuchlari Rafahga yirik zarbalar bergandi. Portlashlar oqibatida 100 kishi halok bo‘lgan, 230 dan ortiq kishi jarohatlangandi. AQSH Prezidenti Jo Bayden esa Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan telefon suhbatida tinch aholini himoya qilish bo‘yicha aniq rejalarsiz Rafah shahrida harbiy operatsiya o‘tkazmaslikni tavsiya qildi. Netanyaxu CBC News telekanaliga bergan intervyusida Isroil va HAMAS o‘rtasida mahbuslar almashinuvi bo‘yicha kelishuvga erishilsa, Isroilning Rafah shahriga hujumi "keyinga surilishi" mumkinligini aytdi. 25 fevral kuni kechqurun Isroil armiyasi harbiy Vazirlar Mahkamasiga Rafah shahriga hujum qilish rejasini taqdim etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'azo Bin'yamin Netan'yaxu Rafah

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing