Isroil “Hizbulloh”ning yana bir qo‘mondoni yo‘q qilinganini e’lon qildi

Olam

image

Livanning “Hizbulloh” harakatining yuqori martabali vakili Nabil Kauk Isroil havo kuchlarining Bayrutdagi guruh nishonlariga joriy yilning 28 sentyabr kuni bergan zarbasi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda bugun, 29 sentyabr kuni Isroil Mudofaa vazirligi xabar berdi.

“Hizbulloh” hozircha bu ma’lumotga izoh bermadi, biroq guruh tarafdorlari bo‘lgan bir nechta OAV kechadan beri Kaukning o‘limi haqida xabarlar chop etmoqda.

Isroil Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Kauk “Hizbulloh”ning profilaktik xavfsizlik bo‘limi qo‘mondoni va markaziy kengashning yuqori martabali a’zosi bo‘lgan.

“U Isroil va uning fuqarolariga qarshi, jumladan, so‘nggi kunlarda terrorchilik hujumlarini uyushtirishda bevosita ishtirok etgan”, deydi Isroil harbiylari.

Bir kun avval “Hizbulloh” yetakchisi Hasan Nasrulloh Isroilning Bayrut chekkasidagi guruhning yerosti qo‘mondonlik markaziga bergan aviazarbalari oqibatida o‘ldirilgani ma’lum bo‘lgan edi. Bundan tashqari, Eron davlat axborot agentligi IRNA xabariga ko‘ra, xuddi shu Isroil hujumida “Hizbulloh”ga yordam berish uchun Erondan Livanga jo‘natilgan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni o‘rinbosari, general-mayor Abbos Nilforushan halok bo‘lgan. 29 sentyabr kuni Eron rasmiylari Nilforushanning o‘limiga rasman izoh berdi. Mamlakat Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi uning o‘ldirilishi javobsiz qolmasligini aytdi.

Nasrulloh o‘lishi ortidan Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy xavfsizlik choralari kuchaytirilgan mamlakat ichidagi xavfsiz joyga ko‘chirildi. Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon esa “Hizbulloh” yetakchisini o‘ldirishda AQSHni aybladi. Davlat rahbari o‘z bayonotida Nasrullohni Isroilga qarshi kurashi uchun olqishladi va “sionistlarning terror hujumi qarshilik oilasini har qachongidan ham kuchliroq qilishini” ta’kidladi.

Nasrullohning o‘limi tasdiqlangach, Isroil Bayrutga havo hujumlarini davom ettirdi. “Hizbulloh”     ham Isroil hududini o‘qqa tutishda davom etdi. Bundan tashqari, Isroil harbiylari boshqa davlatlardan uchirilgan raketa va dronlarni tutib olgani haqida xabar bergan. Shu tariqa, 28 sentyabr kuni Yamandan kelgan raketa tutib olingan, 29 sentyabrda esa Iroqdan uchuvchisiz uchish apparati uchirilgani ma’lum bo‘ldi.

Eron parlamenti spikeri Muhammad Bag‘ir G‘olibaf “qarshilik guruhlari” yordamida Eron Isroilga qarshilik ko‘rsatishda davom etishini aytdi. Shu bilan birga, Eron Isroilning Livandagi harbiy amaliyotlari fonida BMT Xavfsizlik kengashini chaqirishni talab qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil Livan Hizbulloh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made