Isroil HAMASga qarshi operatsiya uchun har kuni 260 mln dollar sarflamoqda – Bloomberg
Olam
−
12 noyabr 2023
7364Isroilning HAMASga qarshi harbiy harakatlari yahudiy davlatiga har kuni 260 million dollarga tushmoqda. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mojaro Isroil uchun dastlab kutilganidan ko‘ra qimmatga tushmoqda, bu esa davlat byudjetiga katta yuk bo‘lmoqda. Birgina oktyabr oyi davomida byudjet taqchilligi o‘tgan yilga nisbatan yetti barobardan ko‘proqqa oshgan.
Nashrning qo‘shimcha qilishicha, Livan, Eron yoki Yamanning to‘liq ishtirokisiz jangovar harakatlar yana 8 oydan 12 oygacha davom etishi, Isroilning yil davomidagi yalpi ichki mahsuloti (YAIM)ning taxminan 10 foizini tashkil qiladi.
Isroilning “Calcalist” iqtisodiy gazetasi taqdim etgan hisob-kitoblarga ko‘ra, Isroilning G‘azo sektorida HAMASga qarshi harbiy amaliyoti, agar 2024 yil oxirigacha davom etsa, barcha harajatlar mamlakatga 200 milliard shekel (taxminan 51 milliard dollar)ga tushishi mumkin.
Falastin-Isroil mojarosi
Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.
Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi. 9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi.
Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi. Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.
Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.
LiveBarchasi