Isroil HAMASga 2 oylik sulh taklif qildi – OAV
Olam
−
23 yanvar
5743Isroil HAMASga G‘azo sektorida garovga olingan barcha odamlarni ozod qilish evaziga ikki oylik sulh taklif qildi. Bu haqda kecha, 22 yanvar kuni ismi sir qolishni istagan ikki Isroil rasmiysiga tayanib, “Axios” sayti xabar berdi.
Bildirilishicha, taklif Misr va Qatardagi vositachilar orqali HAMASga yetkazilgan.
“Kelishuv barcha tirik qolgan garovga olinganlarni ozod qilishni va o‘lik garovga olinganlarning jasadlarini bir necha bosqichda qaytarishni o‘z ichiga oladi”, deydi manbalardan biri.
Isroil taklifiga ko‘ra, birinchi bosqich ayollar, 60 yoshdan oshgan erkaklar va og‘ir ahvoldagi garovga olinganlarni ozod qilishdan iborat. Keyingi bosqichlarda ayol askarlar, 60 yoshga to‘lmagan erkak harbiy bo‘lmaganlar, isroillik erkak harbiy xizmatchilar qo‘yib yuborilishi va halok bo‘lgan garovga olinganlarning jasadlari qaytarilishi kerak.
Bundan tashqari, taklif Isroil mudofaa kuchlarini qayta joylashtirishni, xususan, ularning bo‘linmalarini G‘azo sektoridagi asosiy aholi punktlaridan olib chiqib ketishni o‘z ichiga oladi. Bu falastinlik tinch aholiga asta-sekin G‘azo shahri va sektorning shimoliy qismlariga qaytish imkonini beradi.
“Isroil va HAMAS vakillari isroillik garovga olinganlar evaziga ozod qilinadigan falastinlik mahbuslar soni bo‘yicha kelishib olishlari kerak bo‘ladi. Biroq taklif Isroil harbiy operatsiyasini to‘xtatishga yoki Isroil qamoqxonalaridagi 6000 nafar falastinlik mahbuslarning hammasini ozod qilishga rozi bo‘lmasligini yaqqol ko‘rsatib turibdi”, deydi “Axios” suhbatdoshlari.
Manabaga ko‘ra, Isroil rasmiylari HAMASdan javob kutmoqda, biroq ular yaqin kunlarda oldinga siljish bo‘lishiga ishonmasligini qo‘shimcha qilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu HAMASning G‘azo sektorida janglarni to‘xtatish evaziga garovga olinganlarni qaytarish haqidagi taklifiga rozi bo‘lmagandi.
LiveBarchasi