Ispaniyada aholi qirolni loy bilan “siyladi” (video)
Olam
−
04 noyabr
9697Kecha, 3 noyabr kuni Ispaniya qiroli Filipp VI va uning rafiqasi Letisiya mamlakatning toshqindan zarar ko‘rgan Valensiya avtonom mintaqasiga bordi va aholining noroziligiga duch keldi. Bu haqda “El Pas” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, qirol Filipp VI va uning rafiqasi Letisiya Valensiya hududiga tashrif davomida aholi ularni loy bilan qarshi olgan. Bundan tashqari, olomon qirol va amaldorlarni haqoratlab, baqirgan. Xususan, ular nega mas’ullar toshqindan zarar ko‘rgan shahardan ilgariroq xabar olmaganini so‘rab, ularni qotillar deb atagan. Shunga qaramay, qirol va qirolicha Payporta shahridan ketishlaridan oldin bir soatdan ko‘proq vaqt davomida shaharliklar bilan suhbatlashgan.
Filipp VI qo‘shma operativ-koordinatsion markaz yig‘ilishida bu voqea yuzasidan fikr bildirgan. Unga ko‘ra, suv toshqinlari oqibatida aziyat chekkan fuqarolarga davlat ko‘magini his qilish imkonini yaratish uchun hozir ayni vaqti.
“Odamlar boshidan o‘tkazgan og‘ir sharoitlarni hisobga olib, ularning g‘azab va umidsizliklarini tushunish kerak”, dedi qirol.
Mazkur hodisa munosabati bilan qirol va qirolicha Valensiyada suv toshqinidan zarar ko‘rgan hududlarga tashrifini muddatidan oldin yakunlagan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 29 oktyabr kuni Ispaniyaning sharqi va janubiga yomg‘ir yog‘ib, kuchli suv toshqiniga sabab bo‘ldi. Bir necha soat ichida Valensiyaga har kvadrat metriga 300 litrdan ortiq yomg‘ir yoqqan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, suv toshqini oqibatida vafot etganlar soni 214 kishiga yetgan. 31 oktyabrdan 2 noyabrgacha mamlakatda uch kunlik motam e’lon qilingan va hukumat ushbu hodisani misli ko‘rilmagan fojia deb baholagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Valensiyada kuzatilgan suv toshqinlarida futbolchi Xose Kastilexo qurbon bo‘lgani xabar qilingan edi. Ma’lum bo‘lishicha, 28 yoshli futbolchi mahalliy klub tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U asosiy jamoaning bir nechta o‘yinlarida ham maydonga tushgan.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr