Ispaniya va Italiyaning ham Kiyevdagi elchixonalari yopildi
Olam
−
18:04
2527Ispaniya va Italiyaning Ukrainadagi elchixonalari bugun, 20 noyabr kuni Kiyevga havo hujumi bo‘lishi mumkinligi sababli xizmat ko‘rsatmasligini e’lon qildi. Bu haqda Ukraina davlat arbobi Anton Gerashenko ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, diplomatik vakolatxona bu haqda Ukrainada yashovchi Ispaniya fuqarolariga pochta orqali xabar bergan. Elchixona ispanlarga xavfsizlik choralarini kuchaytirishni, shuningdek, mahalliy hokimiyatning barcha tavsiyalariga rioya qilishni eslatgan.
Shu bilan birga, Italiyaning Kiyevdagi elchixonasi ham xavfsizlik tufayli kun davomida mehmonlarni qabul qilmasligini ma’lum qildi.
“Ehtiyot chorasi sifatida Kiyevdagi elchixona bugun tashrif buyuruvchilar uchun yopiq bo‘ladi, ammo u o‘z faoliyatini davom ettirmoqda”, deyiladi diplomatik vakolatxona veb-saytida.
Havo hujumi holatida elchixona Ukrainadagi Italiya fuqarolariga xavfsizlik choralariga rioya qilishni va darhol eng yaqin boshpanaga borishni tavsiya qilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSHning Ukrainadagi elchixonasi ham Kiyevga muhim havo hujumi bo‘lishi mumkinligi sababli elchixona yopilishini ma’lum qilgandi.
Muhammad Hodiyev