Islom Karimovning yordamchisi 89 yoshida vafot etdi
Jamiyat
−
06 iyun 2022
23128O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning yordamchisi Georgiy Alekseyevich Kraynov joriy yilning 4 iyun kuni vafot etdi. Bu haqda Islom Karimov ilmiy-ma’rifiy majmuasi saytida xabar qilindi.
Xabarda marhum Kraynovga “atoqli davlat arbobi” deya ta’rif berilgan.
Georgiy Kraynov 1933 yil 21 noyabrda Andijon shahrida tug‘ilgan. Andijon davlat pedagogika institutini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini “Andijanskaya pravda” gazetasida boshlagan. Musahhih, muharrir, mas’ul kotib, bosh muharrir o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
1976 yilda Kraynov O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining targ‘ibot va tashviqot bo‘limining gazeta va jurnallar sektori mudiri lavozimida ishlagan.
Oradan bir yil o‘tib, O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti birinchi kotibining yordamchisi etib tayinlandi. U Sharof Rashidov bilan ham uzoq yillar birga ishlagan.
Georgiy Kraynov O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki yillaridanoq eng mas’uliyatli lavozimlarni – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yordamchisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qabulxonasi bosh maslahatchisi lavozimlarini egalladi. Uni safdoshlari hurmat qilgan, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov yuksak qadrlagan. Keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining umumiy bo‘limi protokol sektori mudiri lavozimida ishlab kelgan.
2018 yildan to umrining so‘nggi kunlarigacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida yetakchi ilmiy xodim bo‘lib ishlagan.
U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni, “Do‘stlik”, “Mehnat shuhrati” ordenlari, “Sodiq xizmatlari uchun” medallari bilan taqdirlangan.
LiveBarchasi