Islom davlatlari dushman fitnalariga qarshi kurashish uchun birlashishi kerak – Pezeshkiyon

Olam

image

Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon islom mamlakatlari o‘rtasidagi birlik muhimligini ta’kidlab, bu ularga dushmanlar va ularning musulmon xalqlarga qarshi fitnalariga qarshi turishga yordam berishini aytdi. Bu haqda u kecha, 3 fevral kuni Iroq parlamenti raisi Mahmud al-Mashhadani bilan uchrashuvda so‘z ochdi.

“Ichki ixtiloflarni qo‘zg‘atish Islom ummatini zaiflashtiradi, deb hisoblaymiz. Agar islom mamlakatlari o‘z iqtisodiyotlarini rivojlantirishga, xalqining xavfsizligi va farovonligini ta’minlashga, mojarolardan qochib, umumiy maqsadlar yo‘lida birlashishga intilsa, dushmanlar va g‘arazgo‘ylarning fitnasi albatta barbod bo‘ladi”, dedi Pezeshkiyon.

U hozirgi global vaziyatda islom mamlakatlari o‘rtasida hamdardlik va birdamlikni mustahkamlash zarurligini bu xalqlar uchun asosiy talab sifatida ko‘rsatdi. Shuningdek, savdo-iqtisodiy, ilm-fan va chegaralarni himoya qilish sohalarida barqaror hamkorlik islom davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etishini, bu o‘z navbatida ularning birligini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Bundan tashqari, Pezeshkiyon o‘tgan yilning dekabr oyi boshida Suriyaning Rossiyaga qochib ketgan prezidenti Bashar Asad hukumati ag‘darilganidan keyin o‘tish davrida bo‘lgan Suriyadagi vaziyatga ham to‘xtaldi. U Eronning Suriyada tinchlik va hududiy yaxlitlik saqlanib qoladigan inklyuziv hukumat tuzilishi istagini bildirar ekan, Eron ham bu maqsadga erishish uchun boshqa davlatlar bilan aloqalarni davom ettirib, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga intilishini aytib o‘tdi.

Isroil agressiyasining halokatli oqibatlarini hamon jabr ko‘rayotgan G‘azo va Livandagi vaziyatga to‘xtalib, Prezident Pezeshkiyon barcha islomiy mamlakatlarni Falastin va Livan xalqlariga o‘z hayotlarini tiklash va qayta qurish jarayonida yordam berishga chaqirdi.

Iroq parlamenti raisi, o‘z navbatida, Eron va Iroq Falastin masalasida prinsipial pozitsiyaga ega ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u mintaqadagi qarshilik ko‘rsatish harakatining o‘tgan oylarda ba’zi nufuzli shaxslar va qo‘mondonlarni yo‘qotganiga qaramay, sezilarli yutuqlarga erishganini qo‘shimcha qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Rossiya va Eron o‘rtasidagi strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi ikki davlatning G‘arbga muhtoj emasligiga yaqqol dalil bo‘lganini aytgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Mas'ud Pezeshkiyon islom mamlakatlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing