Islom birdamligi o‘yinlari sarhisobi: O‘zbekistonga eng ko‘p medalni qaysi sport turi keltirdi?

Sport

image

Kecha, 18 avgust kuni Turkiyaning Konya shahri mezbonlik qilgan V Islom birdamligi o‘yinlari yakunlandi. Musobaqalar yakuniga ko‘ra, Turkiya delegatsiyasi medallar jamg‘arish borasida yaqqol yetakchilik qildi. Turklar umumiy hisobda 341 ta medalga ega chiqqan. Shulardan 145 tasi oltin, 107 tasi kumush va qolgan 89 tasi bronza medallaridir.

Qayd etish kerakki, ushbu musobaqa O‘zbekiston delegatsiyasi uchun ham tarixiy bo‘ldi. O‘zbekistonlik sportchilar 51 ta oltin, 42 ta kumush va 65 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Yakunda umumiy hisobda 158 ta medal jamg‘argan O‘zbekiston delegatsiyasi jadvalda ikkinchi pog‘onani band etdi.

Medallar jamg‘arish borasida kuchli o‘nlikdan joy olgan delegatsiyalar bilan tanishing:

1. Turkiya – 145 (oltin) 107 (kumush) – 89 (bronza) – 341(umumiy hisobda);

2. O‘zbekiston – 51 – 42 – 65 – 158;

3. Eron – 39 – 44 – 50 – 133;

4. Ozarbayjon – 29 – 36 – 34 – 99;

5. Qozog‘iston – 27 – 23 – 39 – 89;

6. Marokash – 15 – 13 – 34 – 62;

7. Indoneziya – 13 – 14 – 29 – 56;

8. Bahrayn – 9 – 7 – 7 – 23;

9. Qirg‘iziston – 8 – 8 – 15 – 31;

10. Jazoir – 7 – 12 – 23 – 42.

E’tiborli jihati shundaki, 51 ta oltin medaldan 15 tasi og‘ir atletikachilar hisobiga to‘g‘ri keladi. Ushbu 15 ta oltinni 6 nafar sportchi qo‘lga kiritgan. Akbar Jo‘rayev, Ruslan Nuriddinov, Tursunoy Jabborova, Sarvarbek Zafarjonov 3 tadan oltin medalga ega chiqqan bo‘lsa, Adhamjon Ergashev 2 ta oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek velosportchi Olga Zabelinskaya va para suzuvchi Azizbek Boynazarov ham 3 tadan oltin medal yutdi. O‘yinlarning so‘ngi kunida O‘zbekiston va jahon sport gimnastikasi afsonasi Oksana Chusovitina shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.

O‘zbekiston hisobiga eng ko‘p medalni og‘ir atletikachilar: 15 ta oltin, 3 ta kumush, 6 bronza keltirishdi. Qolaversa, dzyudo (6-2-5), kurash (4-4-10), yengil atletika (4-2-2), taekvondo (4-0-4), kikboks (2-7-12), badiiy gimnastika (2-6-1), suzish (2-5-5), sport gimnastikasi (2-4-2), qilichbozlik (2-3-9), para suzish (2-2-2), veloshosse (2-2-1), karate (2-0-1), velotrek (1-2-3), para yengil atletika (1-0-0), stol tennisi (0-0-1) va o‘q otishda (0-0-1) ham sportchilar g‘olib va sovrindorlar qatoridan o‘rin oldi.

Ma’lumot uchun, bugun, 19 avgust kuni sportchilar V Islom birdamligi o‘yinlaridagi ishtirokini yakunlab, O‘zbekistonga qaytib keladi.


Maqola muallifi

Teglar

Oksana Chusovitina Ruslan Nuriddinov Akbar Jo'raev Azizbek Boynazarov Islom birdamligi o'yinlari Olga Zabelinskaya

Baholaganlar

283

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing