Mirziyoyev Oksana Chusovitina maktabiga ham bordi
Sport
−
05 mart
9531O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 5 mart kuni Oksana Chusovitina sport mahorati maktabiga bordi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Sport gimnastikasi bo‘yicha uch karra jahon chempioni, jahon kubogi sohibi Oksana Chusovitina sakkizta Olimpiadada qatnashgan yagona gimnastikachi sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan. 2022 yil 14 martda Gimnastika bo‘yicha Oksana Chusovitina sport mahorati maktabini tashkil etish to‘g‘risidagi Prezident qarori imzolangan. Shundan so‘ng uch qavatli zamonaviy binoda shunday maktab qurilgan.
“Birinchi qavatda asosiy zal va mashg‘ulotlar zali, trenajyor maydonchasi, tibbiyot xonasi va oshxona joylashgan. Tepa qavatlardan 165 o‘rinli yotoqxona, mehmonxona, informatika va ma’naviyat xonalari o‘rin olgan. Maktab Germaniyadan keltirilgan sport anjomlari va jihozlari bilan ta’minlangan”, deyiladi xabarda.
Gimnastika maktabi 1-11-sinflardagi 105 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan. Bugungi kunda 91 nafar o‘g‘il-qiz mahoratini oshirmoqda. Ularga ikkita xorijiy til ham o‘rgatiladi. Yosh gimnastlar umumiy ta’lim darslarini tutash hududda joylashgan 175-maktabda o‘qiydi.
Chusovitina izdoshlari o‘tgan yili sport gimnastikasi va badiiy gimnastika bo‘yicha xalqaro musobaqalarda 4 ta, respublika turnirlarida 6 ta va sport maktablari o‘rtasida 24 ta medalni qo‘lga kiritgan.
Shu yerda sport sohasi mutasaddilari hamda videoaloqa orqali hududlar rahbarlari ishtirokida muloqot bo‘ldi.
“Nima uchun biz bu yo‘nalishga katta e’tibor berib, maktablar yaratyapmiz? Gimnastika – hamma sport turlarining asosi. Futbolchi ham, bokschi ham, sog‘lom bo‘laman degan inson ham gimnastika qilishi kerak. Iqtisodiyotni rivojlantirish, yoshlarga ta’lim berish bilan birga ularni sport bilan shug‘ullantirolsak, yurtimizda sog‘lom zurriyot, sog‘lom millat bo‘ladi”, deydi Prezident.
Shu maqsadda gimnastikani bolalar bog‘chalaridan keng joriy qilish, qobiliyatli sportchilarni saralashni shu bosqichdan boshlash, har bir hududda ikkitadan gimnastika maktabi tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Joriy yil Fransiyada bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlarida qatnashadigan sportchi va ularning murabbiylariga alohida sharoit yaratish, munosib tayyorgarlik ko‘rishini ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida barpo etilgan Boks bo‘yicha Bahodir Jalolov sport mahorati maktabini ham borib ko‘rgandi.
LiveBarchasi