Isitma tushiruvchi sirop sabab 3 yashar qizcha vafot etdi

Olam

−

image

Turkiyaning Istanbul shahrida 3 yashar qizcha isitma tushiruvchi siropni yuqori dozada qabul qilgani oqibatida vafot etdi. Bu haqda “Haberler” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, qizchaning o‘limi yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan keng qamrovli tergov olib borilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bolaning o‘limiga isitma tushiruvchi siropning me’yoridan ortiq dozada berilgani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Hozirda ushbu taxmin yuzasidan tekshiruv davom etmoqda.

Nashrga ko‘ra, mazkur voqeadan so‘ng bolalarga isitma tushiruvchi dorilarni berish tartibi va ularning dozasi yuzasidan muhokamalar kuchaygan.

Jumladan, bolalar salomatligi bo‘yicha mutaxassis shifokor Gyunay Jantur bolaning peshonasiga yoki tanasiga qo‘l tekkizib, issiqligiga qarab dori berish noto‘g‘ri ekanini bildirgan. Uning aytishicha, tana harorati 38 darajadan oshganda bolaning kiyimlarini yengillashtirish va xonani shamollatish kerak. Isitma ko‘tarilishda davom etsa, shifokor tavsiyasiga muvofiq isitma tushiruvchi dori berish mumkin. Bunda bolaning haroratini muntazam o‘lchab turish muhim.

Shuningdek, mutaxassis paratsetamolni kamida 4 soat, ibuprofenni esa 6 soat oralatib berish mumkinligini aytgan. Dori ta’siri odatda 1–1,5 soatda namoyon bo‘ladi. Shu sababli, ta’sirini kutmasdan bolaga qayta sirop berish mumkin emas. Dori dozasi bolaning vazniga mos ravishda shifokor ko‘rsatmasi asosida belgilanishi, sirop esa maxsus o‘lchov idishida berilishi lozim.

Janturk, ayniqsa, paratsetamolni me’yoridan ortiq qabul qilish jigarga toksik ta’sir ko‘rsatib, jigar yetishmovchiligiga olib kelishi mumkinligini qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada 2 yashar qizcha bir vaqtning o‘zida 250 ta magnitni yutib yuborgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing