Ishonch inqirozi kuzatilmoqda – Shavkat Mirziyoyev
Jamiyat
−
20 Sentabr 2023
4204Jahon miqyosida ishonch inqirozi kuzatilmoqda. Global xavfsizlik institutlari faoliyatidagi muammolar va xalqaro huquq me’yorlaridan chekinish kuchaymoqda. Va bularning barchasi keng ko‘lamdagi keskinlik ortishiga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 sentyabr kunpi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi.
Uning bildirishicha, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining navbatdagi sessiyasi xalqaro munosabatlar tizimida fundamental o‘zgarishlar yuz berayotgan bir sharoitda bo‘lib o‘tmoqda.
“Geosiyosiy qarama-qarshiliklar tufayli savdo, investitsiya va innovatsiya sohalarida erkin almashish yo‘lida yangi to‘siqlar vujudga kelmoqda. Hatto iqlim o‘zgarishlari, ochlik va tengsizlikka qarshi kurash singari butun bashariyat taqdiriga daxldor bo‘lgan masalalarda ham o‘zaro muloqot izdan chiqqani sezilmoqda”, deydi O‘zbekiston rahbari.
Uning qayd etishicha, bunday murakkab sharoitda amaliy hamjihatlik va hamkorlik ruhini saqlash, umumiy manfaatlarni mavjud ziddiyatlardan yuqori qo‘ygan holda, mamlakatlarni jipslashtirish g‘oyasi har qachongidan ham dolzarb bo‘lib bormoqda.
“Biz o‘tgan yili umumiy xavfsizlik va taraqqiyotga qaratilgan “Samarqand birdamlik tashabbusi”ni ilgari surdik. Asosiy maqsadimiz mamlakatlarimiz va xalqlarimizning bugungi kuni va istiqboli uchun mas’uliyatni har tomonlama chuqur anglash, ochiq va konstruktiv hamkorlikka tayyor barcha tomonlarni global muloqotga jalb qilishdan iborat.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tashabbusi bilan kelgusi yil Kelajak sammiti o‘tkazilishi xalqaro va mintaqaviy taraqqiyotning dolzarb muammolarini hal etishga, Tashkilotimizning ta’siri va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi, deb ishonaman”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Ma’lumot uchun, sessiya raisi Dennis Frensis boshchiligida o‘tgan munozaralarning birinchi kunida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, a’zo mamlakatlar yetakchilari – Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Jozef Bayden, Braziliya Federativ Respublikasi Prezidenti Luis Inasiu Da Silva, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramafosa, Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy va boshqa davlatlar rahbarlari ishtirok etdi.
LiveBarchasi