Ishonch inqirozga yuz tutmoqda – Shavkat Mirziyoyev
Jamiyat
−
01 Sentabr 14102 2 daqiqa
Dunyo davlatlari o‘rtasida o‘zaro ishonch inqirozi ketmoqda va bu xavfsizlik va barqarorlik arxitekturasi asoslariga putur yetkazmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 1 sentyabr kuni kuni Shanxay hamkorlik tashkilotining Tyanszin sammitidagi nutqida so‘z ochdi.
Uning qayd etishicha, iqtisodiy, intellektual, resurs va texnologik yo‘nalishlarda ulkan salohiyatga ega bo‘lgan Shanxay hamkorlik tashkiloti xalqaro maydonda o‘z ta’sirini izchil kengaytirib bormoqda. Global noaniqlik kuzatilayotgan hozirgi sharoitda bu muhim ahamiyatga egadir.
“Ishonchning tizimli inqirozi, mojarolarning kengayib borayotgani, ko‘p tomonlama institutlarning zaiflashishi va jahon savdo tizimining parchalanishi xalqaro xavfsizlik va barqarorlik arxitekturasi asoslariga putur yetkazmoqda. Bunday sharoitda SHHT davlatlarining bir-birini o‘zaro tushunishi va birdamligi – bu faqat qimmatli boylik emas, balki bizning bepoyon mintaqamizda tinchlikni saqlashning kalitidir.
Ayniqsa, SHHT teng huquqli muloqot, o‘zaro hurmat va sheriklik makoni bo‘lib qolayotgani muhim. Aynan shu jihat manfaatlar muvozanatini ta’minlash va zamonamizning eng murakkab xavf-xatarlariga birgalikda javob topish imkonini bermoqda”, deydi Prezident.
Shavkat Mirziyoyev so‘zida davom etarkan, tashkilotining izchil kengayish tarafdori ekanini bayon qildi.
“Biz Tashkilotning izchil kengayishi tarafdorimiz. Chunki “SHHT modeli”ning muvaffaqiyati uning ochiqligi va keng ko‘lamli hamkorlikka yo‘naltirilganidadir. Biz o‘z kelajagini SHHT bilan bog‘liq holda ko‘rayotgan davlatlarning intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.
SHHTning muloqot bo‘yicha sheriklari tarkibi, jumladan, boshqa mintaqa davlatlari hisobidan kengayib borayotgani Tashkilotni Global Janub mamlakatlari bilan hamkorlik platformasiga aylantirishga yordam beradi”, deydi O‘zbekiston rahbari.
Ma’lumot uchun, SHHT sammiti 31 avgustdan 1 sentyabrgacha Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Unda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, 20 dan ortiq davlat rahbarlari va 10 ta xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etmoqda. Sammit yakunida hamkorlik bo‘yicha 15 ta yangi hujjat imzolandi. SHHT 2001 yil 15 iyunda Shanxayda tashkil topgan. Dastlab u oltita davlat – Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Tojikiston va O‘zbekistonni o‘z ichiga olgan bo‘lsa, 2017 yilda ularga Hindiston va Pokiston, 2023 yilda Eron, 2024 yilda Belarus qo‘shildi.
Live
Barchasi