ISHID yetakchisi qanday yo‘q qilindi? Yangi tafsilotlar oshkor bo‘ldi
Olam
−
02 may 2023
16029Turkiya Milliy razvedka tashkiloti tomonidan Suriyada uyushtirilgan maxsus operatsiya davomida ISHID terror tashkiloti yetakchisi Abu Husayn al-Qurayshiy qurshab olindi. Qo‘lga tushishni xohlamagan terrorchi “xudkush kamari” bilan o‘zini portlatib yuborgan. Bu haqda Turkiya xavfsizlik kuchlaridagi manbalariga tayanib, “Anadolu” agentligi xabar berdi.
Anqaradagi xavfsizlik manbalariga ko‘ra, Turkiya Milliy razvedka tashkiloti ISHIDning “yangi xalifasi” Suriya shimolidagi Afrin-Jinderes mintaqasida ekani va tez orada bu manzilni tark etmoqchiligi haqida ma’lumot olgan.
Shundan so‘ng, guruh rahbarini zararsizlantirish operatsiyasi 2023 yilning 29 aprelida o‘tkazilgan. Turkiya Milliy razvedka tashkiloti maxsus kuchlari otryadi sirli yer osti bunkeri bilan terrorchi yashiringan uyga yetib kelgan. Al-Qurayshiydan taslim bo‘lish so‘ralgan, ammo javob bo‘lmagan.
Keyin tezkor guruh avval bog‘ devorini, so‘ngra kirish eshiklari va yon devorlarini portlatib, bino ichiga kirgan. Terrorchi qo‘lga tushishini anglagach, “xudkush kamari” bilan o‘zini portlatib yuborgan.
Taxminan 4 soat davom etgan operatsiyada Turkiya Milliy razvedka tashkiloti maxsus kuchlari askarlari va tinch aholi vakillaridan hech kim jabrlanmagan.
Ma’lumot uchun, Abu Husayn al-Qurayshiy 2013 yilda ISHID terror tashkilotiga qo‘shilgan. Qisqa vaqt ichida u guruhning “top yetakchi”laridan biriga aylanishga muvaffaq bo‘lgan. U 2022 yil noyabrida o‘zidan oldingi yetakchi Abu al-Hasan al-Hoshimiyning maxsus operatsiyada o‘ldirilganidan so‘ng terror tashkilotiga rahbarlik qilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an turk maxsus xizmatlari operatsiyasi davomida Abu al-Husayn al-Husayniy al-Qurayshiy zararsizlantirilganini ma’lum qilgandi.