Ish beruvchilarning talabalar kontraktini to‘lash tartibi belgilandi
Jamiyat
−
12 yanvar 4594 2 daqiqa
O‘zbekistonda talabalarning buyurtmachi tashkilotlar bilan hamkorligi tashkil etiladi. Bu haqda hukumatning joriy yilning 9 yanvar kuni qabul qilingan qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim tashkilotlari talabalarining buyurtmachilar bilan hamkorligini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizomda so‘z boradi.
Nizom bakalavriat yo‘nalishida 2- va undan yuqori kursda o‘qiyotgan talabalarning o‘qishi uchun shartnoma to‘lovlarini ish beruvchilar tomonidan qoplab berish hamda ularning ta’limi yakunlangach ishga qabul qilish tartibini belgilaydi.
Nizomga ko‘ra, oliy ta’lim tashkilotlari hamda talabalar o‘rtasida 3 tomonlama shartnomalar tuzishda ishchilar soni 50 nafardan ortiq yoki qiymati kamida 1 mln AQSH dollari bo‘lgan investitsiya loyihalariga ega vazirlik, idora hamda tashkilotlar buyurtmachi sifatida ishtirok etishi mumkin.
Talabalar har yili 20 sentyabrgacha saralashda ishtirok etish uchun oliy ta’lim tashkilotiga elektron ariza topshiradi. Bunda o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi ma’lumotnoma ilova qilinadi.
Talabalar o‘qishni bitirganidan so‘ng buyurtmachi korxona yoki tashkilotda ishlab berish sharti bilan ariza topshiradi.
Ariza topshirish va saralab olishda ishtirok etuvchi talabgorlarning joriy o‘quv yilida o‘zlashtirish GPA ko‘rsatkichi 3 va undan yuqori bo‘lishi talab etiladi.
Tanlov komissiyasi har yili 15 oktyabrgacha oliy ta’lim tashkilotida talabgorlarni suhbat asosida saralab olishdan o‘tkazadi.
Talabgorlarni saralab olishda buyurtmachi vakili xulosasi asosiy mezon hisoblanadi.
3 tomonlama shartnoma tuzgan va ta’limni muvaffaqiyatli tamomlagan talabalar o‘qishini bitirganidan keyin buyurtmachi tomonidan belgilangan tartibda ishga qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq talabalar uchun to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddati 2026 yil 31 yanvarga qadar uzaytirilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi