Ish haqi va pensiyalar inflyatsiyadan yuqori miqdorda oshiriladi
Jamiyat
−
31 iyul 25055 2 daqiqa
O‘zbekistonda ish haqi, pensiya va nafaqalar har yilgi inflyatsiya darajasidan yuqori miqdorlarda oshirib boriladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilgan 2026-2028 yillarga mo‘ljallangan fiskal strategiyada ma’lum qilingan.
Strategiyaga ko‘ra, 2028 yilgacha byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdorini yillik inflyatsiya darajasidan yuqori darajada oshirish rejalashtirilmoqda. Bu chora-tadbirlar “aholining turmush darajasini yuksaltirish, fuqarolarning real daromadlari o‘sishini ta’minlash va ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish” maqsadiga qaratilgan.
O‘tgan yili e’lon qilingan 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan fiskal strategiyada esa ijtimoiy to‘lovlarni inflyatsiyadan kam bo‘lmagan miqdorda indeksatsiya qilish nazarda tutilgan edi.
Shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi pensiya jamg‘armasi daromadlari barqarorligini ta’minlash maqsadida ijtimoiy soliqdan imtiyozlar berishni qat’iylashtirishni rejalashtirmoqda. Masalan, 2028 yilga qadar xizmat ko‘rsatish sohasida ijtimoiy soliqning pasaytirilgan stavkasi — 1 foiz miqdorda — amal qiladi. Bu imtiyoz faqat 30 yoshgacha bo‘lgan va oylik maoshi 3 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan xodimlarga taalluqli.
Prognozlarga ko‘ra, 2025 yilda Pensiya jamg‘armasiga byudjetdan ajratiladigan transfertlar hajmi 20 trln so‘mdan oshishi kutilmoqda. 2028 yilga kelib ushbu summa 26 trln so‘mga yetadi. Shu tariqa, 2023 yilga nisbatan transfertlar deyarli ikki baravarga oshadi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, byudjet xodimlari maoshining har bir 1 foizlik oshishi 2026 yilda davlat byudjetiga 1,67 trln so‘mga tushadi. Pensiyalarni shuncha miqdorga oshirish esa 861 mlrd so‘mni tashkil qiladi. Agar ijtimoiy nafaqa oluvchi oilalar soni 10% ga ko‘paysa, byudjet xarajatlari qariyb 1,6 trln so‘mga ortishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda ish haqi o‘rtacha 5 mln 982 ming so‘mni tashkil qilgandi. Bu o‘tgan yilgi shu davrga nisbatan 17 foizdan ko‘proqqa oshishni bildiradi.