Isyonchilar Fransiyani Niger hududiga zarba berishga urinishda ayblamoqda

Olam

image

Nigerdagi isyonchilar tomonidan tuzilgan Vatanni qutqarish milliy kengashining rasmiy vakili polkovnik Amadu Abdraman Fransiyani mamlakatning ag‘darilgan prezidenti Muhammad Bazumni ozod qilish uchun harbiy operatsiya o‘tkazishni rejalashtirganlikda aybladi. Uning bayonotini “Lesahel” axborot portali keltirmoqda.

Abdramanning so‘zlariga ko‘ra, isyonchilar Niger Tashqi ishlar va hamkorlik vaziri Asum Masud nomidan hujjatga ega bo‘lib, Fransiyaga prezident Bazumni ozod qilish uchun poytaxt Niameydagi prezident saroyiga zarba berishga ruxsat bergan. 

Vatanni qutqarish milliy kengashi vakilining qayd etishicha, fransuz harbiylariga xuddi shunday taklif bilan Niger Milliy gvardiyasi qo‘mondoni polkovnik Giray ham murojaat qilgan. 

Asum Masud mamlakatdagi harbiy to‘ntarishni qo‘llab-quvvatlamagan vazirlardan biri. Shuningdek, u fuqarolarni isyonchilarga qarshilik ko‘rsatishga chaqirib, Bazum ag‘darilganidan so‘ng o‘zini hukumat rahbari vazifasini bajaruvchi deb e’lon qilgan.

Afrikaning bu qismidagi eng yirik fransuz havo bazasi Niger poytaxtida joylashgan bo‘lib, uning kontingenti 1,5 mingga yaqin askarni tashkil qiladi. Hozirda Germaniya, Italiya va AQSHning harbiy qismlari mamlakat hududida joylashgan. Amerika kontingenti soni 1 ming kishiga yetgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya Tashqi ishlar vaziri Ketrin Kolonna Nigerdagi davlat to‘ntarishi bilan bog‘liq vaziyatdan Rossiya ham, mintaqa davlatlari ham o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishi mumkinligini aytib chiqqandi. Shuningdek, Nigerda minglab namoyishchilar Fransiya elchixonasiga hujum qilgandi. Bunga javoban Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Parij o‘z fuqarolari va xorijdagi muassasalarga qarshi hujumlarga toqat qilmasligini aytib, agar bunday hodisalar yuzaga kelsa, keskin javob berishga va’da bergan. 

Ma’lumot uchun, Niger prezident gvardiyasining bir guruh harbiylari (keyinchalik ularga mamlakat Qurolli kuchlari qo‘mondonligi ham qo‘shildi) joriy yilning 26 iyul kuni prezident Muhammad Bazumni qo‘lga oldi.

Prezident gvardiyasi boshlig‘i Abdurahmon Chiani o‘zini yangi davlat rahbari deb e’lon qildi. U davlat to‘ntarishini korrupsiya va davlat mablag‘larini o‘zlashtirishga qarshi kurashish istagi bilan izohladi.

Bazumning ag‘darilishi BMT, AQSH, Yevropa Ittifoqi va Afrika Ittifoqi tomonidan qoralangan. 

Parij Fransiya konstitutsiyaviy tuzumni tiklash va hokimiyatdan chetlatilgan Prezident Bazumni hokimiyatga qaytarishga qaratilgan barcha mintaqaviy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Niger Muhammad Bazum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing