Qur’on tahqirlanishi ortidan Iroq Shvetsiya elchisini haydadi
Olam
−
21 iyul 2023
5153Iroq hukumati Shvetsiyaning Bag‘doddagi elchisidan mamlakatni tark etishni so‘radi. Bu haqda Iroqning INA rasmiy agentligi xabar berdi.
Aytilishicha, Bag‘dod ma’muriyati Stokgolmda Qur’onga qilingan hujumlar tufayli Shvetsiya elchisi Jessika Svardstryomga mamlakatni tark etishi kerakligini bildirgan. Iroq Vakillar kengashi (parlament) ham hukumatning bu qarorini qo‘llab-quvvatlagan.
Iroq Bosh vaziri Muhammad Shia al-Sudaniy Tashqi ishlar vazirligiga Iroqning Shvetsiyadagi muvaqqat ishlar vakilini chaqirib olishni topshirgan.
Shuningdek, rasmiy Bag‘dod Shvetsiya hukumatini Qur’onni yoqish hodisasi takrorlansa, diplomatik munosabatlarni uzish haqida ogohlantirgan.
Gap shundaki, kecha, 20 iyul kuni Stokgolm politsiyasining ruxsati bilan Iroq elchixonasi yaqinida aksiya bo‘lib o‘tgan. Unda 37 yoshli iroqlik muhojir Salvan Momika musulmonlarning muqaddas kitobi Qur’on nusxasini tepgan, shuningdek, krossovkasini Iroq milliy bayrog‘i va Iroqning taniqli arboblarining suratlari bilan artgan. Aytish joizki, u oldin ham Stokgolmda Qur’onni tahqirlagan edi.
“Bu choralar Shvetsiya hukumatining muqaddas Qur’onni yoqish, islomiy ziyoratgohlarni haqorat qilish va Iroq milliy bayrog‘ini yoqishga bir necha bor ruxsat berganiga javobdir”, degan Iroq Bosh vaziri Shvetsiya elchisining mamlakatdan chiqarib yuborilishini izohlar ekan.
Bundan tashqari, Iroq hukumati Shvetsiyaning Ericsson Telecom telekommunikatsiya kompaniyasining mamlakatdagi faoliyatini to‘xtatganini e’lon qildi. Bunga ham Shvetsiya hukumatining muqaddas Qur’on va Iroq davlati bayrog‘ini yoqishga ruxsat bergani sabab qilib ko‘rsatilgan.
Iroq Aloqa vaziri Xiyam Abud Kozim al-Yasiri ham o‘z idorasi darajasida Shvetsiya kompaniyalari bilan biznes yuritishni to‘xtatgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 20 iyul kuni Stokgolmda namoyish tashkilotchilari ro‘yxatdan o‘tish vaqtida miting uchun Iroq bayrog‘i va Qur’onni yoqib yubormoqchiligini bildirgandi. Bunga javoban Iroq shialarining vakili Muqtada Sadr Shvetsiyaning Bag‘doddagi elchixonasi oldida namoyishlar o‘tkazishga chaqirgan. Shundan so‘ng Bag‘dodda namoyishchilar Shvetsiya elchixonasi binosiga bostirib kirib, uni yoqib yubordi. Bag‘dod xavfsizlik kuchlari namoyishchilarni tarqatish uchun suv purkagichlardan foydalangan. Iroq Tashqi ishlar vazirligi namoyishchilarning harakatlarini qoraladi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Iroq huquq-tartibot idoralari allaqachon Shvetsiya elchixonasi binosiga o‘t qo‘yishda gumon qilingan 20 kishini hibsga olgan.