Iroq poytaxtiga dron hujumi uyushtirildi
Olam
−
04 yanvar
7291Iroq poytaxti Bag‘dod sharqida joylashgan “Al-Hashd ash-Shabiiy” bo‘linmalaridan birining shtab-kvartirasiga uchuvchisiz samolyot hujum qildi. Bu haqda “Shafaq News” axborot portali xabar berdi.
Qayd etilishicha, hujum oqibatida eronparast “Hizbulloh al-Nujaba” harakati qo‘mondonlaridan biri va uning tarafdori Abu Taqva halok bo‘ldi. U harakatning 12-brigadasini boshqargan. Havo hujumi oqibatida kamida olti kishi jarohatlangan.
“Hizbulloh al-Nujaba” o‘z qo‘mondoni o‘lganini tasdiqladi va sodir bo‘lgan voqealarda AQSHni aybladi. Portal manbalariga ko‘ra, dron hujumining nishoni Bag‘doddagi logistika kuchlarining bosh qarorgohi bo‘lgan.
Iroq Bosh vaziri Muhammad as-Sudaniyning harbiy matbuot kotibi general Yahyo Rasul esa “Al-Hashd ash-Shabiiy” shtab-kvartirasiga qilingan hujumda AQSH boshchiligidagi ISHIDga qarshi xalqaro koalitsiyani aybladi
Rasulning ta’kidlashicha, amalda ushbu terroristik hujum oqibatida Iroq poytaxtida odamlar halok bo‘lgan.
“Hukumat tomonidan berilgan rasmiy hujjatlar asosida ish olib borayotgan “Al-Hashd ash-Shabiiy” militsiyasiga hujumni hech qanday bahona bilan oqlab bo‘lmaydi. Iroq Qurolli kuchlari hujum uchun koalitsiya kuchlarini javobgar deb hisoblaydi. Bu voqea Iroq Qurolli kuchlari va ISHIDga qarshi xalqaro koalitsiya o‘rtasidagi barcha kelishuvlarni buzadi”, deydi general.
Uning aytishicha, Iroq xavfsizlik kuchlari havo hujumlariga uchragan Bag‘doddagi “Al-Hashd ash-Shabiiy” idorasi hududida chora-tadbirlarni kuchaytirishni boshladi.