Iroqda 47 nafar mulozim korrupsiyada gumonlanib qo‘lga olindi
Olam
−
10:41 589 2 daqiqa
Iroq xavfsizlik kuchlari tomonidan korrupsiyada ayblanib 40 nafardan ortiq yuqori lavozimli amaldor va deputat qo‘lga olindi. Bu haqda Iroq axborot agentligi (INA) xabar berdi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan oyning oxiridan beri xuddi shunday ayblov bilan tergov qilinayotgan neft vaziri o‘rinbosari Adnan al-Jumaylining bergan ko‘rsatmalari ushbu shaxslarning hibsga olinishiga sabab bo‘lgan.
INA manbasining bildirishicha, hibsga olinganlar orasida parlament deputatlari va hukumat mulozimlari bor. Nashrning aniqlik kiritishicha, gumon ostiga tushgan parlament a’zolaridan deputatlik daxlsizligi olib tashlangan.
Agentlikning qayd etishicha, Iroq poytaxti Bag‘dodda, shuningdek, mamlakatning boshqa hududlarida, jumladan, markaziy Vosit viloyati va shimoldagi Erbil viloyatida jami 47 nafar hokimiyat vakili qo‘lga olingan va ularning uylarida tintuv ishlari olib borilmoqda.
Qo‘lga olinganlar orasida “Azim” koalitsiyasi rahbari va deputat Musenna as-Samerrai, shuningdek, deputatlar Ziyad al-Jenabi, Bexa an-Nuri, Muhammad al-Kerbuli, Aliya Nesif, Muhammad Jamil al-Miyaxi, Hasan al-Xafaji, Abdurrahmon al-Luveyzi, Mudar al-Keravi, Hind al-Abbosi, Muhammad Ferman al-Juburi, Bushra al-Qaysi va sobiq deputat Muhammad as-Sayxud bor. Bundan tashqari, amaliyot davomida neft vazirining taqsimot masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ali Marij va Ibrohim as-Sumaydi ham hibsga olingani xabar qilinmoqda.
Shu bilan birga, Iroqning Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat mulkiga nisbatan qonunbuzarliklarda ayblanayotgan shaxslarni hibsga olish to‘g‘risidagi orderlarni ijro etish boshlanganini e’lon qilgan. Agentlik bayonotida qayd etilishicha, ushbu amaliyot sud, ijro va qonunchilik hokimiyatlari bilan o‘zaro muvofiqlikda olib borilmoqda, hibsga olishlar esa uzoq muddatli kuzatuvlar, tekshiruvlar va taftishlar natijasidir. Bayonotda barcha harakatlar qonuniy doirada amalga oshirilayotgani, amaliyot jamoatchilik qo‘llab-quvvatlovi ostida hamda Iroq Oliy sud kengashi, Bosh vazir devoni va Parlament devoni bilan yaqin hamkorlikda davom etayotgani alohida ta’kidlangan.
Poytaxt Bag‘dodda amaliyot davomida xavfsizlik kuchlari hukumat binolari va diplomatik vakolatxonalar joylashgan hamda kuchaytirilgan tartibda qo‘riqlanadigan “Yashil zona”ga kirish va chiqish yo‘llarini to‘sib qo‘ygan. Shuningdek, deputatlar, sobiq vazirlar, yuqori lavozimli amaldorlar va tadbirkorlarning uylarida bir vaqtning o‘zida reydlar o‘tkazilgan. Mahalliy manbalarning taxmin qilishicha, amaliyotning ikkinchi bosqichida tergov doirasiga yanada yuqori darajadagi, ya’ni “birinchi toifali” shaxslar ham kiritilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida lavozimga kirishgan Iroq Bosh vaziri Ali Zeydi iroqliklarga yo‘llagan ilk murojaatida iqtisodiy islohotlar o‘tkazish, korrupsiyaga qarshi kurashish va davlat xizmatlari sifatini yaxshilashga va’da bergan.
Live
Barchasi