Iroqda ham Xomanaiy o‘limi munosabati bilan motam e’lon qilindi
Olam
−
01 mart 3533 2 daqiqa
Iroqning diniy va siyosiy yetakchilaridan biri Muqtado as-Sadr Eron Oliy Rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy vafoti munosabati bilan butun islom olamiga hamdardlik bildirdi va mamlakatda 3 kunlik motam e’lon qildi. Yetakchining bu haqdagi so‘zlarini “Ina” nashri keltirdi.
As-Sadr Eron oliy rahbari Ali Xomanaiyning vafotini “olim, zohid va Islom inqilobiga sodiq rahbar” deb ta’riflab, musulmonlarga ta’ziya bildirgan.
U Qur’ondan iqtibos keltirib, mo‘minlar orasida Allohga bergan ahdiga sodiq qolganlar borligini, ulardan ba’zilari va’dasini bajarib bo‘lganini, boshqalari esa belgilangan vaqtni kutayotganini aytgan va Xomanaiyning vafotidan chuqur qayg‘u va iztirob bildirganini ta’kidlagan.
Shuningdek, Iroqda Ali Xomanaiy xotirasiga bag‘ishlab uch kunlik motam e’lon qilingan. As-Sadr Xomanaiyning vafotini e’tiqod va qarshilik yo‘lida qurbonlik, deb baholagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron davlat televideniyesi Xomanaiy Isroil va AQSH tomonidan o‘ldirilganini xabar qilgan edi. Eronning “Tasnim” axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, u kecha, 28 fevral kuni ertalab o‘z ishxonasida o‘ldirilgan. Oyatullohning vafoti munosabati bilan mamlakat bo‘ylab 40 kunlik umumxalq motami va 7 kunlik umumxalq dam olish kunlari e’lon qilindi.
Shuningdek, Eron hududiga uyushtirilgan hujum chog‘ida Oyatullohning oila a’zolaridan to‘rt kishi – qizi, kuyovi, nabirasi va kelinlaridan biri ham halok bo‘lgan.
Qayd etish joiz, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Islom Respublikasi Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning vafoti tasdiqlanganidan so‘ng, mamlakat “Qurolli kuchlari tarixidagi eng shiddatli hujum operatsiyasi” boshlanganini ma’lum qilgandi.
Shundan so‘ng, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi mamlakat Isroil va AQSHga qarshi yangi hujumlar boshlanganini e’lon qildi.
Live
Barchasi