Iroq amerikalik harbiylarni mamlakatdan haydamoqchi
Olam
−
06 yanvar
7701Iroq hukumati AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiya missiyasini yopish uchun qo‘mita tuzmoqda. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Muhammad as-Sudaniy ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika qo‘shinlarining Iroqda qolishi uchun hech qanday asos yo‘q.
“Hukumat xalqaro koalitsiya kuchlarining Iroqda bo‘lishini nihoyat tugatish choralarini ko‘rish bo‘yicha ikki tomonlama qo‘mita ishini boshlash sanasini belgilamoqda”, deydi as-Sudaniy.
U qo‘mita tarkibiga harbiy koalitsiya vakillari kirishini ta’kidladi. Shuningdek, Bosh vazir koalitsiya kuchlarining Iroq armiyasining ajralmas qismi hisoblangan “al-Hashd ash-Shabi” militsiyasi pozitsiyalariga hujumini ham qoraladi.
Eslatib o‘tamiz, 4 yanvar kuni “Hizbulloh al-Nujaba” harakati qo‘mondonlaridan biri Abu Taqva Bag‘dodda Amerika uchuvchisiz samolyotlarining zarbasi oqibatida halok bo‘lgan, yana kamida olti kishi yaralangan edi. Abu Taqva harakatning 12-brigadasini boshqargan va ayni paytda “Al-Hashd ash-Shabi”ning tarafdori edi. O‘tgan yilning 26 dekabr kuni esa AQSH Markaziy qo‘mondonligi Iroq va Suriyadagi koalitsiya kuchlariga qarshi hujumlarga javoban Iroq hududidagi “Kataib Hizbulloh” guruhi nishonlariga hujum uyushtirganini e’lon qildi. Iroq hukumati esa AQSHning respublikadagi nishonlarga zarbalarini mamlakat suverenitetini buzuvchi dushmanlik harakati sifatida baholadi.
LiveBarchasi