Irodami yo qasos? Erdo‘g‘an yana bir tarixiy cherkovni masjidga aylantirmoqchi

Olam

Turkiya va Islom. Rasmiy Anqara xristianlar uchun yana bir muhim ob’ekt – Istanbuldagi Najotkor Masihning cherkovi sifatida tanilgan Xor monastirini masjidga aylantirish rejasini e’lon qildi. U 1948 yildan buyon muzey sifatida ishlab kelayotgan edi. 

OAVning qayd etishicha, Turkiya Hukumati Ayo Sofiya cherkovini avval muzey, so‘ng masjidga aylantirish jarayonida undagi suratlar va nasroniylikka oid belgilarni qanday berkitgan bo‘lsa, bunda ham shunday yo‘l tutmoqchi.

Monastir dunyoning eng noyob madaniy meros ob’ektlaridan biri hisoblanadi. Konstantinopol turklar qo‘liga o‘tgandan keyin ham cherkov o‘zining asl qiyofasini saqlab qolgan. 

Agar monastir tarixi haqida gapiradigan bo‘lsak, u deyarli 1500 yil oldin qurilgan va Istanbuldagi eng qadimiy tarixiy obidalardan biridir. Ayo Sofiya singari, u 1453 yilda Konstantinopol qulaganidan keyin masjidga aylandi. 1945 yilda, Ikkinchi Jahon Urushining oxirida masjid Kariye muzeyiga aylantirildi. Buni Erdo‘g‘an Hukumati noqonuniy harakat deb hisoblaydi. 

Ushbu Monastir joriy yil dunyo xristianlari e’tibor markazida turgan ikkinchi muhim ob’ekt bo‘lmoqda. 1934 yilda muzeyga aylantirilgan Ayo Sofiya maqbarasi Erdo‘g‘anning siyosiy irodasi sabab masjid maqomini qayta oldi va joriy yilning 24 iyul kuni juma namozi debochasi bilan ibodatga ochildi

Bu voqelik butun dunyoda ko‘plab noroziliklarni keltirib chiqardi. Gretsiya Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy tanqidchisiga aylandi. Albatta, masalaga boshqa xristianlar ko‘p istiqomat qiladigan mamlakatlar ham munosabat bildirdi, biroq bu davlat rahbari yoki Hukumat darajasida bo‘lmadi. Masalan Rossiya masalaga diniy tashkilotlar darajasida munosabat bildirdi

Umuman olganda, Konstantinopol yunonlar uchun juda og‘riqli mavzu. Ular hanuzgacha Istanbul o‘rniga Konstantinopol nomini ishlatishadi. Gretsiya xristian tashkilotlari va boshqa bir qator davlatlar ko‘magida Turkiyaga bosim o‘tkazishga urindi, ammo Anqara mamlakatning ichki ishlariga aralashmaslikka chaqirdi

Yunoniston va Turkiya munosabatlaridagi ziddiyat faqat diniy yoki madaniy emas. Siyosiy bahslar ortida O‘rta yer dengizidagi tabiiy boyliklarga egalik qilish yotgani endi hech kimga sir emas. Ekspertlarning fikricha, Turkiyaning bunday xatti-harakati uning Yevropa Ittifoqiga qabul qilinishi cho‘zilayotganiga nisbatan qasosi bo‘lishi mumkin. 

Yana bir talqinga ko‘ra, Erdo‘g‘an ilgari Usmoniylar imperiyasi bo‘lgan davlatlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir o‘tkazish, ularning siyosiy hayojonini aynan diniy qadriyatlariga bepisand munosabatda bo‘lish orqali jumbushga keltirishni niyat qilgan. 

Biroq, turk ommaviy axborot vositalarida ko‘p yangraydigan nazariyaga qaralsa, Erdo‘g‘anning cherkovlarni sobiqlashtirib, jamoatga ochishi uning xalqi orasidagi obro‘sini oshirish, partiyasi hukumronligini uzaytirishga xizmat qiladi. 

Hukumatning o‘zi esa Ayo Sofiya va Xor monastirining muzeyga aylantirilishini noto‘g‘ri qaror sifatida baholaydi va ularga masjid maqomining berilishiga tarixiy adolatning tiklinishi deb qaraydi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an Ayo Sofiya

Baholaganlar

390

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing