Ipoteka kreditlari muddati 15 yildan 20 yilga uzayadimi?

Jamiyat

image

Yangi tartib asosida berilayotgan ipoteka kreditlari muddati 15 yildan 20 yilga uzaytiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 aprel kuni sanoat, qurilish va infratuzilma tarmoqlari korxonalarining to‘liq ishlashini ta’minlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.

Aholi bandligi va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash borasida katta imkoniyatlarga ega “drayver”lardan biri qurilish sohasi hisoblanadi. Xususan, bu tarmoq 1 million 325 ming nafar aholini ish bilan ta’minlaydi, boshqa sanoat yo‘nalishlari uchun ham talab yaratadi. Shu bois, karantin davrida qurilish hajmi kamayishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida bu sohaga qo‘shimcha 3,6 trillion so‘m mablag‘ ajratildi.

Joriy yilning birinchi choragida qurilish ishlari hajmi 6,5 foizga o‘sgan bo‘lsa-da, o‘tgan yilning shu davridan 4 foizli bandga orqada qolmoqda.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, karantin qoidalariga to‘liq rioya qilgan holda, barcha qurilishlarni davom ettirishga ruxsat beriladi. Ichki ishlar vazirligiga soha korxonalari va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarning harakatlanishiga sharoit yaratish vazifasi qo‘yildi.

Joriy yilda 30 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Lekin 25 ta shaharda buning uchun yer maydonlari haligacha ajratilmagan. Ipoteka krediti olish bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqishda ham sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan.

Yig‘ilishda bu kamchiliklarni tez kunlarda bartaraf etish, ko‘p qavatli uylar uchun yerni aholi talablari yuqori bo‘lgan hududlardan ajratish zarurligi ta’kidlandi.

Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan xususiy pudrat tashkilotlariga kreditlarning foiz xarajatlarini qisman qoplash va kredit summasining 50 foizigacha kafolat berish mexanizmi joriy etilishi belgilandi.

Yangi tartib asosida berilayotgan ipoteka kreditlari muddatini 15 yildan 20 yilga uzaytirish, shuningdek, ipoteka kreditining eng yuqori chegarasini bozor talablari asosida ko‘paytirish kerakligi qayd etildi.

Qurilish sifatini oshirish, soha korxonalari faoliyatini baholash reytingi va elektron tender tizimini ishga tushirishni jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

186

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing