iPhone tragediyasi: telefon sabab bir oila jarlikdan qulab, halok bo‘ldi (video)
Olam
−
17:49 2116 3 daqiqa
Hindistonning Maharashtra shtatida bir oila odamlar ko‘z o‘ngida jarlikdan qulab, halok bo‘ldi. Fojiaga o‘g‘ilning muddatli to‘lov evaziga sotib olingan iPhone telefoni uchun pul topa olmagani sabab bo‘lgan. Bu haqda NDTV xabar berdi.
Nashrning yozishicha, 18 yoshli Kunal iPhone sotib olgan, ammo oylik bo‘lib to‘lash (muddatli to‘lov) badallarini to‘lashga qurbi yetmagan. Kecha, 22 avgust kuni politsiya bergan ma’lumotga ko‘ra, bu o‘smir va uning oilasi o‘rtasidagi janjalga sabab bo‘lib, oxir-oqibat katta fojiaga olib kelgan. Kunal va uning otasi qoyadan yiqilib halok bo‘lgan, ularning ortidan esa onasi ham qoyadan sakradi.
“Onang uchun yasha”, deydi bir kishi o‘zini tashlash bilan tahdid qilayotgan Kunalga. U esa javoban: “Yo‘q, men o‘lishim kerak. Yagona yo‘l shu bo‘lib qoldi”, deydi. Oradan ko‘p o‘tmay, uning otasi Murlidxar Chandgude o‘g‘lini fikridan qaytarishga va orqaga tortib olishga harakat qilgan, ammo ikkalasi ham pastga yiqilib tushgan, onasi Sangita esa ularning ortidan sakragan.
Tisgaon qishlog‘ining sobiq oqsoqoli Sanjay Jadxav Kunalni fikridan qaytarishga uringanlar orasida bo‘lgan. Boshqalar unga hatto iPhone 15 Pro olib berishni va’da qilgan.
“Biz unga juda ko‘p yalindik, onasiga qarashini, sakramasligi kerakligini, ma’lumotli ekanini va oldinda kelajagi kutayotganini aytdik. Qo‘limizdan kelgancha yolvordik”, deydi Jadxav.
Muzokaralarning katta qismida Kunal shunchaki yelka qisib, o‘lim yagona yo‘l ekanini ta’kidlashda davom etgan.
Politsiya mulozimlarining so‘zlariga ko‘ra, Kunal iPhone sotib olgan va oilasidan muddatli to‘lovni amalga oshirish uchun pul so‘rab kelgan. Bu oxirgi to‘lov bo‘yicha otasi bilan keskin tortishuvga olib kelgan, shundan so‘ng g‘azablangan Kunal ertalab soat 10 lar atrofida uyidan chiqib ketib, yaqin atrofda joylashgan toqqa chiqib olgan.
Ota-onasi uning ortidan yetib borgan va boshqa mahalliy aholi bilan birgalikda qariyb uch soat davomida uni pastga tushishga ko‘ndirishga harakat qilgan. Voqea joyida politsiya va yong‘in xavfsizligi xodimlari ham bo‘lganiga qaramay, nega xavfsizlik to‘ri o‘rnatilmagani noma’lumligicha qolmoqda.
Soat 1 lar atrofida, muzokaralar boshlanganidan qariyb uch soat o‘tib, Kunalning otasi o‘g‘li turgan joyga chiqib, uni tortib olishga uringan. Ushbu jarayonda ota ham, o‘g‘il ham muvozanatni yo‘qotib, pastdagi jarlikka yiqilgan. Eri va o‘g‘lining yiqilganini ko‘rgan Sangita bir necha soniyadan so‘ng tog‘dan sakragan. Uchalasi ham voqea joyida halok bo‘lgan. Politsiya murdalarni olib chiqib, sud-tibbiy ekspertizasiga yuborgan. Holat yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, surishtiruv harakatlari davom etmoqda. Ushbu hodisaga bir necha soat davom etgan muzokaralar paytida u yerga to‘plangan ko‘plab mahalliy aholi va turistlar guvoh bo‘lgan, Kunalni fikridan qaytarishga bo‘lgan urinishlarning ba’zi qismlari videoga olingan. Politsiya oilaviy nizo tafsilotlari yoki o‘smir avval xabar qilinganidek depressiyadan aziyat chekkan-chekmagani haqida qo‘shimcha ma’lumotlarni hali oshkor qilgani yo‘q.
Live
Barchasi