iPhone ko‘rinishida katta o‘zgarish bo‘lishi mumkin

Texnologiya

image

Apple iPhone tarixidagi eng katta yangilanishlar ustida ishlamoqda. Bu haqda “Bloomberg” sharhlovchisi Mark Gurman xabar берди.

Gap ikki muhim qurilma haqida ketmoqda: buklanadigan iPhone va 20 yillik yubileyga bag‘ishlangan mutlaqo yangi dizayndagi iPhone.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Apple’ning apparat muhandisligi rahbari Jon Ternus ushbu katta o‘zgarishlarni boshqarmoqda. U kompaniya rahbari Tim Kukdan keyin kelajakdagi asosiy nomzod sifatida ham ko‘rilmoqda.

Rejaga ko‘ra, birinchi buklanadigan iPhone shu yil sentyabr oyida taqdim etilishi mumkin. Bu model Samsung’ning Galaxy Z Fold liniyasiga o‘xshab kitob kabi ochiladi. Ichki katta ekran video ko‘rish, o‘yin o‘ynash va bir vaqtning o‘zida bir nechta ilovadan foydalanish imkonini beradi. Shu bilan birga, yangi iOS 27 tizimi aynan buklanadigan qurilmaga moslashtiriladi.

Taxminlarga ko‘ra, ushbu telefon 7.7 dyuymli ichki ekran va 5.3 dyuymli tashqi ekran bilan jihozlanadi. Apple ekran bukilish joyidagi izni maksimal darajada kamaytirishga harakat qilmoqda, lekin uni butunlay yo‘qotish hali qiyin.

Ikkinchi katta yangilik – iPhone’ning 20 yilligi uchun chiqariladigan model. Apple ilk iPhone’ni 2007 yilda taqdim etgan, shuning uchun yubiley modeli yaqin yillarda chiqishi kutilmoqda. Bu telefon to‘liq “chegarasiz” dizaynga ega bo‘lishi mumkin – ya’ni, ekran butun old qismini egallaydi. Kamera esa ekran ostiga joylashtiriladi.

Shuningdek, qurilma egilgan shisha korpusga ega bo‘lishi mumkin, bu esa uning hozirgi modellaridan tubdan farq qiladi.

Hozircha bu rejalar rasman tasdiqlanmagan, ammo agar Apple bularni amalga oshira olsa, iPhone uchun yaqin 1–2 yil juda katta o‘zgarishlarga boy bo‘lishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

iPhone Apple

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing