iPhone 15'da qanday o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda?
Texnologiya
−
20 yanvar 2023
9333Apple 2022 yil sentyabr oyida iPhone 14, iPhone 14 Pro va 14 Pro Max modellarini chiqarganidan 4 oy o‘tib, tarmoqlarda iPhone 15 haqida mish-mishlar paydo bo‘ldi. Xususan, “MacRumors” platformasida ham bu haqda xabar berildi.
Qayd etilishicha, iPhone 15 taqdim etilishiga hali ko‘p oylar bor, lekin Apple kompaniyasiga ko‘plab yetkazib beruvchilar jalb qilinganligi sababli iPhone’ning keyingi modellari haqida sir saqlash qiyin bo‘lmoqda. iPhone 15 seriyasi ham iPhone 14 modellari kabi to‘rtta o‘lchamda, ikkita 6,1 dyuymli va ikkita 6,7 dyuymli smartfonlar bo‘lishi kutilmoqda. Har bir o‘lchamdan biri standart iPhone 15 modelida, qolgan ikkitasi esa qimmatroq bo‘lgan “Pro” modelida bo‘ladi. iPhone 14'da bo‘lgani kabi, ba’zi eng yaxshi xususiyatlar iPhone 15 Pro modellari uchun ham saqlanadi.
Xabarlarga ko‘ra, Apple iPhone 15'ning “Pro Max” versiyasini yangi “Ultra” modeliga almashtirishi mumkin. Bunga 2022 yilda kompaniya Apple Watch Ultra’ni taqdim etgani va M1’ning eng yuqori versiyasi uchun ham “Ultra” nomi qo‘yilgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda.
Shuningdek, Apple iPhone 15 qurilmalaridagi Lightning portini USB-C portiga almashtirishni ham ko‘rib chiqmoqda. Bunga Yevropada qabul qilinayotgan yangi qoidalar sabab bo‘lmoqda. Ushbu qoidalar Apple’dan Yevropada USB-C portlari bilan iPhone ishlab chiqarishni talab qiladi, shuning uchun Applye butun dunyo bo‘ylab dizayn almashinuvini amalga oshirishi yoki Evropada sotiladigan maxsus iPhone’larni ishlab chiqishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, Yevropa Ittifoqi 2024 yilning 28 dekabrini mintaqadagi barcha elektron qurilmalar uchun umumiy quvvatlantiruvchi kabelni qabul qilishning so‘nggi muddati etib belgilagan edi.
Alibek Beyjanov