Iordaniya podshohi ham Shavkat Mirziyoyevni tabrikladi

Jamiyat

image

Bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al-Husayn bilan telefon orqali suhbatlashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Iordaniya podshohi davlat rahbarini tug‘ilgan kuni bilan samimiy muborakbod etib, mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, do‘st O‘zbekiston xalqiga tinchlik-omonlik va farovonlik tilagan.

Muloqot davomida Samarqandda o‘tgan sermahsul muzokaralar va erishilgan muhim kelishuvlar aloqalarda yangi sahifa ochgani alohida qayd etilgan.

Mamlakatlar o‘rtasida parlamentlararo, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar almashinuvlar kengayib borayotgani mamnuniyat bilan ta’kidlangan.

Yetakchilar siyosiy muloqotni davom ettirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada chuqurlashtirish hamda oliy darajadagi bo‘lajak tadbirlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligiga urg‘u bergan.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashilgan.

Ma’lumot uchun, bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 69 yoshga to‘ldi.

Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 1957 yil 24 iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokor oilasida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Oliy ma’lumotli, 1981 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan. Muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega. Texnika fanlari nomzodi, dotsent.

Mehnat faoliyatini 1981 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o‘qituvchi, dotsent, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishladi.

1990 yili Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylanib, ayni vaqtda Mandat komissiyasining raisi sifatida ham faoliyat ko‘rsatgan.

1992 yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimiga tayinlangan. 1996-2001 yillarda Jizzax viloyati hokimi, 2001-2003 yillar mobaynida Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlab, mazkur tuman va viloyatlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan.

Ijro hokimiyatidagi faoliyati bilan bir paytda 1995-2003 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati sifatida ham mamlakatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda demokratik islohotlarni amalga oshirish borasidagi muhim qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida faol ishtirok etib, samarali faoliyat olib borgan.

Shavkat Mirziyoyev 2003 yilda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri etib tasdiqlangan va ushbu lavozimga yana uch marta – 2005, 2010, 2015 yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlangan.

U 2016, 2021 va 2023 yillarda bo‘lib o‘tgan prezident saylovlarida g‘alaba qozonib, O‘zbekiston Prezidenti etib saylangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze, Qozog‘iston Respublikasining birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev, Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich va Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon O‘zbekiston rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklagan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing