Internetning tezligi “hamma yotib olgani” uchun sekinmi yoki “tekin bo‘lgani”danmi?

Texnologiya

image

Karantin sababli bugun hamma uyda. Kimdir televizor ko‘rgan, yana kimdir kitob o‘qigan va yana kimdir uy ishlari bilan band. Ammo bu paytda ko‘pchilik internetga murojaat qilishi tabiiy. So‘nggi yangiliklar bilan tanishish maqsadida, ijtimoiy tarmoqlardagi do‘stlari bilan suhbatlashish uchun va yana boshqa talablardan kelib chiqib, bu talab yuzaga chiqadi. O‘zbekistonda karantin rejimi e’lon qilingach, aholiga qulaylik yaratish maqsadida internet tarmoqlaridan foydalanish bepul etib qo‘yildi. 

Bu yaxshi, ammo ko‘pchilikning e’tiroziga sabab bo‘layotgan bir holat bor – uning tezligi. Hatto mobil aloqa internet xizmatlari talabga javob bermayotgani haqida ham e’tirozlar paydo bo‘lmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining ayrimlari bunga internetning ma’lum muddat tekin qilib qo‘yilganini sabab qilib ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ayrimlar karantin sabab barcha internetda “yotib olgani” bilan izohladi.

Bugun, 15 aprel kuni AOKA shtabida o‘tkazilgan brifingda qatnashgan AKT vazirligi matbuot kotibi Sherzod Ahmatov bu bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

“Bugungi kunda operator va provayderlarning murojaatlarni qabul qiluvchi "koll-sentr"larda jami 650 dan ortiq xodim faoliyat yuritmoqda. Texnik xizmat ko‘rsatish brigadalarida 1000 dan ortiq malakali mutaxassis ishlamoqda. Ular 300 dan ziyod avtotransport bilan hamda zarur texnika va himoya vositalari bilan ta’minlangan. 

Karantin davrida operator va provayderlar tomonidan yangi abonentlarni ulash ishlari to‘xtatilmagan”, dedi Sherzod Ahmatov.

Ta’kidlanishicha, mobil aloqa operatorlari tomonidan 302 tadan ortiq baza-stansiya internet xizmatlarini ko‘rsatish uchun modernizatsiya qilingan.

“Karantin davrida foydalanuvchilar tomonidan internet trafikdan foydalanish hajmi sezilarli darajada ortayotgan holatda tarmoqning ishonchli ishlashini ta’minlash uchun zarur texnik va tashkiliy choralar ko‘rilmoqda”, dedi AKT vazirligi matbuot kotibi.


Maqola muallifi

Teglar

internet

Baholaganlar

245

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing