Internet Ortiqxo‘jayevning ovozidan “portladi” – Xohlasang xudoga bor!

Jamiyat

Xorijiy ommaviy axborot vositalarida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev shikoyatchi bilan muloqotda jazavaga tushib, unga "baklajka" uloqtirgani haqida xabarlar taqraldi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 16 avgust kuni o‘ndan ortiq mirobodlik shikoyatchi hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev qabuliga borgan. Ular ikkita to‘qqiz qavatli uy oralig‘idagi bolalar maydonchasi o‘rnida savdo majmuasi qurish haqidagi avvalgi hokim qarorini bekor qilishni so‘rashgan. Bu shikoyatchilarning hokimga uchinchi murojaati bo‘lgan.

2018 yil oktyabrida fuqarolarga o‘zini ular tomonida ekanini ta’kidlagan Jahongir Ortiqxo‘jayev, 16 avgust kungi uchrashuvda, “to‘nini teskari kiyib”, ularga baqir-chaqir qilishga o‘tgan.

Tarqalgan audioyozuvda Ortiqxo‘jayevning shikoyatchilarga “qayerga borsang shu yerga bor, xohlasang Prezidentga, xohlamasang, Xudoga bor”, deganlari, stolga "baklajka" bilan qattiq urib, hokimlik videooperatorlarini xonadan haydab chiqargani eshitiladi.

QALAMPIR`ga ko‘ra, Toshkent shahar hokimligining majlislar zalida o‘tgan uchrashuvda shahar hokimi Ortiqxo‘jayev bilan birga uning birinchi o‘rinbosari, boshqa o‘rinbosarlari va ërdamchilari hamda Mirobod tuman hokimi Shuhrat Po‘latov ishtirok etgan.

15 nafar shikoyatchi bilan muloqotning boshlanish qismi, qatnashchilarga ko‘ra, hokimlik matbuot xizmati operatorlari tomonidan videotasvirga ham olingan.

Ortiqxo‘jayev oldiga uchinchi marta kelgan arizachilar, undan Mirobod tuman Nukus ko‘chasidagi 88-uy va 1-Mirobod tor ko‘chasidagi 5-uy oralig‘idagi 60 metrlik bo‘sh maydonni savdo majmuasi qurish uchun xususiy tadbirkorga berish qarorini bekor qilishni so‘ragan.

Arizachilar vakili hokimga 2017 yili o‘shandagi shahar hokimi Rahmonbek Usmonov qarori bilan avtomobillar turargohi va bolalar maydonchasi bo‘lgan yerning qurilishga berilganini shaharsozlik kodeksi va sanitariya talablariga zid ekanini tushuntirgan.

“To‘qqiz qavatlik uylar orasida kamida 45 metr masofa bo‘lishi kerak, bu qurilish qilinsa, orada faqat 20 metr joy qoladi – bu qonunga xilof. Bolalarimiz qayerda o‘ynaydi, qariyalar qayerga chiqib nafas rostlaydi? Bu yerni xususiy tadbirkorga berish – noqonuniy. Uni hech qanday auksionsiz hokim qarori bilan sotib yuborish esa, qonunni takror buzishdir”, degan mazmunda gapiradi arizachilar vakili.

Videokamera qarshisida hokim murojaatchilar vakilining muammoga oid bu izohini bo‘lmasdan eshitgan.

Boshlanishi videotasvirga olingan muloqot, arizachilar Ortiqxo‘jayevdan Mirobod tuman hokimi qarorini bekor qilishni qayta-qayta, ayrim hollarda yalinib so‘rashi ortidan, kutilmaganda butunlay boshqa ohangga ko‘chadi.

Shikoyatchilarning, “agar muammoni hal qilmasangiz, Prezident qabulxonasiga boramiz, bolalarimizni olib, mitingga chiqamiz” deyishi ortidan, Jahongir Ortiqxo‘jayevning keskin gapirishga o‘tgani anglashiladi.

“Siz u ëqqa borasiz, ular yana qog‘ozni buëqqa tushiradi. Men sudga “otvod” qilolmayman, menda qonunan bunday vakolat yo‘q”, degan Ortiqxo‘jayev aholi vakillariga yana sudga murojaat qilishni tavsiya qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Jahongir Ortiqxo'jaev

Baholaganlar

856

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing