Internet orqali tovlamachilik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda
Jamiyat
−
07 Sentabr 2023
2368O‘zbekistonda internet orqali tovlamachilik qilganlar uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Bu haqda “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasida keltirilgan.
Bugungi kunda internet tarmog‘idan foydalangan holda shaxslarning mobil qurilmalarini hamda ijtimoiy tarmoq va messenjerlardagi akkaunt va kanallarini zararli dastur yuborish orqali bloklab (to‘sib) qo‘yish, ma’lumotlarini o‘chirib yuborish, o‘zgartirish yoki olib qo‘yish bilan qo‘rqitib, pul yoki boshqa moddiy manfaatdorlik talab qilish holatlari yuz bermoqda.
Shuningdek, raqamli texnologiyalar makonida qonunga xilof ravishda kripto-aktivlar aylanmasi bilan shug‘ullanish, anonim kripto-aktivlar mayningini amalga oshirish hamda mobil qurilmaning xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodini qonuniy ishlab chiqaruvchisining ruxsatisiz o‘zgartirish kabi huquqbuzarlik holatlari ko‘paymoqda.
Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan internetda tovlamachilik, noqonuniy kripto-aktivlar aylanmasi va mayningi bilan shug‘ullanganlik uchun jinoiy javobgarlik hamda mobil qurilmaning xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodini qonuniy ishlab chiqaruvchisining ruxsatisiz o‘zgartirish, shu bilan birga, ushbu maqsadda maxsus dasturlar ishlab chiqish, o‘tkazish yoki ulardan foydalanish uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Qonun tashabbuskorlarining ma’lum qilishicha, noqonuniy kripto-aktivlar aylanmasi va mayningi bilan shug‘ullanganlar, agar ularni tayyorgarlik ko‘rilayotgan yoki sodir etilayotgan jinoyat haqida o‘z ixtiyori bilan arz qilgan va uni ochishga faol yordam bergan bo‘lishsa jinoiy javobgarlikdan ozod qilinadi.
Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi kelgusida axborot texnologiyalari yordamida sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish, ularga qarshi kurashish hamda tergov qilishda barcha kuch va vositalarni to‘liq yo‘naltirishga, shuningdek, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzish va qonunga xilof ravishda mayningni amalga oshirish uchun javobgarlik doirasini aniq norma bilan belgilanishiga xizmat qiladi.
Qayd etilishicha, deputatlar qonun loyihasining zaruratini hisobga olib, uni birinchi o‘qishda qabul qilgan.
LiveBarchasi