Instagram shubhali foydalanuvchilardan pasport so‘ray boshladi
Texnologiya
−
15 avgust 2020
6975Instagram shubhali foydalanuvchilardan shaxsini tasdiqlovchi hujjat so‘rashni boshladi. Agarda foydalanuvchi shaxsini tasdiqlamasa, sahifa o‘chirib yuborilishi mumkin.
“Biz shu tariqa akkauntlar o‘z obunachilarini qachon chalg‘itishga urinayotganlarini yaxshiroq tushuna olamiz, ularni javobgarlikka tortamiz va hamjamiyatimiz xavfsizligini ta’minlaymiz”, deyiladi tarmoq bayonotida.
Davlat namunasidagi yoki nodavlat tashkilot bergan hujjat tasdiqlov uchun bo‘ladi. Ba’zi hollarda selfi tushish kerak bo‘ladi.
“Biz sizning hujjatingizdagi tekshiruv uchun kerak bo‘lmagan barcha ma’lumotni e’tiborsiz qoldiramiz. Hujjatni yuborishdan oldin, hujjatdagi bizga kerak bo‘lmagan ma’lumotni berkiting”, deyiladi kopmaniya xabarida.
Shaxsni tasdiqlash uchun ijtimoiy tarmoqda keltirilgan birinchi guruhdagi hujjatlardan bittasi, misol uchun tug‘ilganlik yoki nikoh haqida guvohnoma, haydovchilik guvohnomasi, pasport va boshvqalar; yoki ikkinchi guruhdan ikkita hujjat, masalan, bankdan ko‘chirma, chek kitobchasi, kredit karta yoki boshqa hujjat to‘g‘ri keladi. Ikkinchi guruhdagi hujjatlarda F.I.Sh. va ularning birida surat bo‘lishi kerak.
Ijtimoiy tarmoq shaxsni tasdiqlash zaruratini bir necha belgilarga ko‘ra aniqlaydi. Gap shubhali harakatlar yoki hodisalarda gumon qilingan botlar akkauntlari haqida bormoqda. Bunda sahifa a’zolariing boshqa davlatdan bo‘lishiga ham e’tibor beriladi. Bu tartib ijtimoiy tarmoqning ozchilik a’zolariga taalluqli bo‘ladi.
Agar akkaunt egasi shaxsini tasdiqlay olsa, akkaunt odatdagidek ishlayveradi. Hujjat tekshiruv tugagandan keyin ijtimoiy tarmoq arxivida bir oy saqlanadi. Agar akkaunt egasi shaxsini tasdiqlashdan bosh tortsa, unda akkaunt bloklanishi yoki harakatlari cheklanishi mumkin.