Instagram matnli platformani ishga tushiradi
Texnologiya
−
20 may 2023
7830Instagram Twitter bilan raqobatlashadigan matnli ilovani ishga tushirishga tayyorlanmoqda. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Qayd etilishicha, kompaniya ilovani bir necha oydan buyon yashirin tarzda taniqli shaxslar va influenserlar bilan sinovdan o‘tkazmoqda. Ushbu ilova shu yilning iyun oyida ishga tushirilishi mumkinligi xabar qilinmoqda. Kaliforniya universiteti o‘qituvchisi Liya Haberman Twitter'dagi sahifasida ilovaning dastlabki versiyasi skrinshotlarini ham e’lon qildi.
Habermanga ko‘ra, ilova keyinchalik Twitter'ning boshqa muqobillari, jumladan Mastodon bilan ham raqobatga kirishishi mumkin.
Meta kompaniyasi vakillari yangi ilova ishga tushishi haqidagi savollarga javob bermagan.
Twitter boshqaruvi Ilon Maskka o‘tganidan keyin amalga oshirilgan ba’zi o‘zgarishlar, xususan, tasdiqlanganlik belgisi uchun oylik to‘lovlarni amalga oshirish, pullik obunalar kabilar ko‘pchilikning e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Shu va boshqa sabablar aksar foydalanuvchilarning boshqa matnli platformalarga bo‘lgan ehtiyojini oshirdi.