Instagram’ga yangi funksiya qo‘shildi
Texnologiya
−
10 dekabr 2022
16521Instagram’da postlarni boshqa foydalanuvchilarga tavsiya etish yoki etmaslik to‘g‘risida yangi funksiya ishlab chiqildi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Ilgari Instagram foydalanuvchilarining postlari ba’zi qonun-qoidalarning buzilgani sababli boshqa foydalanuvchilarga ko‘rinmay qolar edi. “Shadow banning” (“soyani taqiqlash”) deb ataluvchi bu holat esa foydalanuvchilarning o‘ziga ma’lum qilinmasdi. Ya’ni mobodo siz yuklagan foto yoki video qandaydir sabablarga ko‘ra taqiqlab qo‘yilsa, bu haqda o‘zingiz bexabar qolar edingiz.
Yangi qoidaga ko‘ra esa, agar foydalanuvchi biror nojo‘ya kontent tarqatmoqchi bo‘lsa, uning postlari bloklanadi va bu haqda unga xabar beriladi. Shundan so‘ng, foydalanuvchi postini o‘chirib tashlashi, tahrir qilishi yoki anglashilmovchilik bo‘lgan bo‘lsa Instagram’ga apellyatsiya yuborishi mumkin bo‘ladi.
Instagram rahbari Adam Mosseri bu qaror “shaffoflik”ni ta’minlashini aytgan.
“Ba’zida sizning surat va videolaringiz tavsiyalarimizda ko‘rsatilmaydigan holatga tushib qolishi mumkin. Agar siz bizning ko‘rsatmalarimizni buzadigan narsalarni joylashtirgan bo‘lsangiz, kontentingiz tavsiya etilmaydigan holatga tushib qoladi”, deb tushuntiradi Mosseri.
Qayd etilishicha, yangi qoida yirik texnologiya kompaniyalariga zararli kontentning tarqalishini oldini olish, dezinformatsiyani cheklash imkonini beradi. Shuningdek, kontent yaratuvchilari ham qanday xato qilayotganini anglab, postlarini tuzatishi mumkin bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Instagram foydalanuvchilari quyidagi ketma-ketlikda o‘z akkauntining statusini tekshirishi va o‘z postlari taqiqlangan yoki taqiqlanmaganini bilishi mumkin. Buning uchun Instagram ilovasidan shaxsiy profilga o‘tiladi. U yerdan menyuga va undan akkauntga kiriladi. U yerdan akkaunt statusi bo‘limiga o‘tiladi. Shu yerdan postlaringiz taqiqlangan yoki yo‘qligini bilishingiz, agar bu xatolik bo‘lsa, Instagram’ga xabar berishingiz mumkin bo‘ladi.
Alibek Beyjanov