Instagram’dagi “komment” o‘quvchining o‘limiga sabab bo‘ldi
3-sahifa
−
20 may
14907Joriy yilning 14 may kuni Samarqand viloyati Paxtachi tumanida maktab o‘quvchilari o‘rtasida yuzaga kelgan janjal oqibatida 11-sinf o‘quvchisi vafot etdi. Bu haqda “Millar” dasturida xabar berildi.
Janjal tuman hududidagi 1-maktabning 3 nafar va 12-maktabning 2 nafar o‘quvchisi o‘rtasida ro‘y bergan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ijtimoiy tarmoq – Instagram’dagi izohlar bo‘limida chiqqan tortishuv va haqoratlar janjalga sabab bo‘lgan.
Shifokorlarning aytishicha, voqea joyiga yetib borilganida o‘quvchining biologik o‘limi aniqlangan.
“Ko‘z qorachig‘ining maksimal kengayishi, yirik arteriyalar va venalarda pulsning yo‘qligi, bo‘yinda shikastlanish izlari, og‘iz va burun atrofida qon belgilari kuzatildi”, deydi shifokor.
Mazkur holat yuzasidan Paxtachi tumani IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (qasddan tanaga og‘ir shikast yetkazish oqibatida o‘limga sabab bo‘lish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Voqeaga aloqador voyaga yetmagan gumonlanuvchilar ushlangan va ularga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan maktablarning birida voyaga yetmagan 2007 yilda tug‘ilgan R.S. hamda shu maktab o‘quvchisi bo‘lgan, 2007 yilda tug‘ilgan A.I. tortishib qolgan va tomonlar o‘zaro janjallashgan edi. Janjal vaqtida A.I. R.S.ga tan jarohati yetkazgan. Oqibatda jabrlanuvchi shifoxonaga yotqizilgan.
LiveBarchasi