Inson o‘limiga sabab bo‘lgan attraksion sinishi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Jamiyat
−
29 iyun 2019
6270Xabaringiz bor kecha, 28 iyun kuni Jizzax shahridagi “Istiqlol” bolalar istirohat bog‘idagi attraksion sinib ketishi oqibatida bir kishi vafot etgani haqida xabar qilgan edik.
Bugun, 29 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi QALAMPIR.UZ manbasiga ro‘y bergan hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
“2019 yil 28 iyun kuni soat 12:30 larda Jizzax shahar, “Navro‘z” mahallasi hududidagi “Istiqlol” bolalar istirohat bog‘idagi YATT “Mamatqulov Burxon”ga qarashli “Uchar tarelka” attraksioni aylanayotgan vaqtida attraksionning “arelka” qismi tayanch o‘qiga payvandlash chokidan uzilishi oqibatida 7 metr balandlikdan yerga qulab tushgan bo‘lib, 8 nafar mijozdan bir nafari, ya’ni 1999 yilda tug‘ilgan M.X. “hayoti uchun havfli bo‘lgan og‘ir tan jarohati” olib voqea joyida vafot etgan.
“Uchar tarelka” attraksioni 2019 yil mart oyida “Istiqlol” bolalar istirohat bog‘iga o‘rnatilgan bo‘lib, YATT “Mamatqulov Burxon” tomonidan foydalanib kelingan.
Voqea sodir bo‘lgan joyga viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari, Jizzax shahar prokurori, viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari, shahar IIO FMB boshlig‘i va boshqa tezkor xodimlar chikishdi.
Mazkur holat yuzasidan Jizzax viloyat IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan 28.06.2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi JKning 257-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda va viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan”, deya ma’lum qildi Bosh prokuratura.
LiveBarchasi