Inson organlari oldi-sotdisi bilan shug‘ullangan jinoiy guruh qo‘lga olindi
3-sahifa
−
22 Sentabr 2025 17599 2 daqiqa
Toshkent shahri hamda Toshkent, Farg‘ona, Buxoro, Qashqadaryo viloyatida inson organlari va to‘qimalari savdosi bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruh qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu hududlarda yashovchi 12 kishidan iborat jinoiy guruh ijtimoiy tarmoqlar orqali buyrak va jigar kasalliklaridan aziyat chekayotgan bemorlarni topib va sog‘lom fuqarolarni mo‘may pul evaziga o‘z organini sotishga qiziqtirib, chet eldagi tanishlari yordamida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni qalbakilashtirish orqali ularni go‘yoki qarindosh sifatida ko‘rsatib, qo‘shni davlatlarning biridagi xususiy klinikada jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirgan.
Uyushgan jinoiy guruhning 2023-2025 yillardagi faoliyati davomida 32 bemorga buyrak yoki jigar to‘qimalari ko‘chirib o‘tkazilgan.
O‘z navbatida, bemorlardan olingan katta miqdordagi pul mablag‘larining ma’lum bir qismi operatsiya uchun xususiy klinikaga hamda donorlarga berilgan, qolgani esa o‘zaro taqsimlangan.
Shuningdek, jarrohlik amaliyotidan keyin sog‘liqlarida ijobiy o‘zgarish bo‘lmagan bemorlarga og‘riqni qoldirish maqsadida jinoiy guruh tomonidan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari qimmat narxlarda sotilgan.
DXXga ko‘ra, uyushgan jinoiy guruh a’zolariga nisbatan Jinoyat kodeksining 1331-moddasi (inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining oldi-sotdisi), 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish), 246-moddasi (kontrabanda) va 273-moddasi (giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan.
Hozirda jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqish uchun sud organlariga yuborilgan.
“Hurmatli fuqarolar agarda siz bunday masalalarda ushbu jinoiy guruhdan yoki boshqa shaxslardan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz eng yaqin ichki ishlar organlariga yoki 102 raqami orqali xabar berishingiz so‘raladi”, deyiladi xabarda.
Live
Barchasi