Inson a’zolarini chet elga sotish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh ushlandi
Olam
−
18 aprel
41494Qirg‘izistonda inson a’zolarini xorijga noqonuniy sotish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olindi. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xabar berdi.
Maxsus xizmatlarning ma’lumotlariga ko‘ra, inson organlari savdosi kanalining asosiy tashkilotchilari buyrak transplantatsiyasi uchun xorijiy klinikalardan katta miqdordagi (80 ming dollargacha) pul to‘lashga tayyor bo‘lgan bemorlarni qidirishni yo‘lga qo‘ygan.
"Shuningdek, ular firibgarlik yo‘li bilan ichki a’zolarini sotishga ko‘ndirilgan donorlarni topgan. Donorlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning ahvolidan qat’i nazar, har doim ijobiy xulosa chiqarilgan. Shundan so‘ng tashkilotchilar bemor bilan munosabatlari haqida soxta hujjatlar tayyorlab, operatsiya o‘tkaziladigan klinikaga topshirgan. Keyin ular donorlarni Qirg‘iziston Respublikasidan tashqariga olib chiqib ketgan", deyiladi tergov ma’lumotlarida.
Ma’lum bo‘lishicha, donorlar bitta buyrak uchun o‘rtacha 1 mingdan 7 ming dollargacha, ularni topib, rozi qilganlar esa har bir yuborilgan "mijoz" uchun 3 ming dollargacha olgan. Eng katta pul (30 mingdan 70 ming dollargacha) esa, albatta, tashkilotchilarga qolgan.
Gumonlanuvchilar 17 aprel kuni navbatdagi donorni “Manas” aeroportidan xorijga olib chiqib ketmoqchi bo‘lganida qo‘lga olinib, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirilgani aytilmoqda.
LiveBarchasi