Sayyora Xo‘jayeva: “Ichki ishlar sohasida muammolar ko‘p”

Jamiyat

image

O‘zbekiston siyosiy elitasi va jamoatchilik faollarining ko‘p qismi mamlakatda huquq-tartibot organlari, xususan Ichki ishlar organlari xodimlarining kundalik faoliyati og‘ir jismoniy va ruhiy zo‘rqishlardan iborat bo‘lib qolayotgani, shu sabab ular xatolarga yo‘l qo‘yayotganini ta’kidlamoqda. Jamoatchilik faollarining fikricha, ichki ishlar organlari xodimlari bir necha haftalab oilasi, farzandlarini ko‘rmaydi. Ular bilan vaqt o‘tkazmaydi, hordiq chiqarmaydi. Bu haqda Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori Sayyora Xo‘jayeva “Yuksalish” umummilliy harakatida o‘tgan jamoatchilik muloqotida yana bir bor so‘z ochdi. Uning qayd etishicha, ichki ishlar organlari xodimlari mahalliy hokimliklar tomonidan o‘z vakolati va majburiyatiga kirmaydigan ishlarga jalb etiladi. 

“Haqiqatan ham ichki ishlar sohasida muammolar ko‘p, tizim islohtalab. Xodimlarining vakolat doirasidan chetga chiqib, boshqa ishlarga jalb etilish holatlari mavjud. Bir so‘z bilan aytganda, ular universal. Masalan, AQSHda ikki politsiyachiga ming nafar aholi to‘g‘ri kelar ekan. Bizda bir uchastka noziriga uch ming, o‘n ming aholi to‘g‘ri kelyapti. Ular aholi bilan ishlashda qiynalmoqda. Ayrim uchastka nozirlari vakolat doirasiga kirmaydigan vazifalar, jumladan, qishloq xo‘jaligi ishlari bilan shug‘ullanyapti”, deydi inson huquqlari faoli. 

O‘zbekistonda yil boshidan buyon kambag‘allikka qarshi kurashish masalasi ustuvor bo‘lib turibdi. Prezident Mirziyoyev boshlab bergan ushbu islohot  mamlakatda qancha qashshoq borligini suv yuzasiga chiqardi. Ammo hali natijalar maqtangulik emas. Aslida bu islohotlarni ijro etish Bosh vazir va uning o‘rinbosarlariga yuklatilgan. Sayyora Xo‘jayevaning qayd etishicha, mahalliy hokimliklar kambag‘alikka qarshi kurashish borasida ham ichki ishlar organlari xodimlarini “tirgak” qilib olgan. 

“Men tushunaman — odamlarni tiyib turish “quroli” sifatida hokimlar ularni ishlatishadi, prokuror, ichki ishlar xodimlarini yonida olib yurishadi. Soliqchilar ham aholi uyiga borishda ulardan foydalanishadi, hozirda esa hatto, qashshoqlik bilan kurashish masalasi ham ular zimmasiga yuklanibdi. Qolaversa, maosh masalasi ham bor. Uchastka noziri 3 mln oylik oladi, lekin ish vaqti tartibga solinmagan – ertalab uyidan chiqib ketib, yarim tunda kirib keladi”.

Xo‘jayevaning fikricha, O‘zbekistonda uchastka noziri degan mas’uliyatli lavozimni egallash u qadar qiyin emas. Mamlakatda, hatto, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutini bitirgan kadrlar ham 6 oylik maxsus kursda o‘qigach, uchastka nozirligiga ishga kiryapti.

“Bu sohada kadrlar masalasi ham juda dolzarb. Masalan, Toshkent avtomobil yo‘llari institutini yoki Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutini bitirgan kadrlar ham 6 oylik maxsus kursda o‘qitilib, uchastka nozirligiga ishga olinmoqda. Ular yaxshi inson bo‘lishlari mumkin, lekin professional kadr emas. Ular odamlar bilan muomala qilish bo‘yicha yetarli bilimga ega bo‘lmasliklari mumkin”.


Maqola muallifi

Teglar

Sayyora Xo'jaeva

Baholaganlar

232

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing