Inoyatov SSVdagi bir qator mulozimlarning “dumini tugdi”

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov “O‘zmedimpeks” MCHJ direktori A.Nabiyev, Bolalar milliy tibbiyot markazi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi A.Sharipov, Dori vositalari va tibbiy buyumlar va jihozlar muomalasini tartibga solish va muruvvat yordamini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i X.Ganiyeva, vazirlikning Investitsiya va grant loyihalarini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajarib kelgan N.Rasulovni ishdan oldi. Bu haqda SSV Matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, bugun, 11 mart kuni Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov rahbarligida vazirlikning navbatdan tashqari Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Tanqidiy ruhda kechgan majlisda tizimdagi qator yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar chuqur tahlil etilgan.

Majlisda sohada byurokratik to‘siqlar hali ham uchrab turgani, ayniqsa, aholini sifatli dori-darmon vositalari, tibbiy buyum va jihozlar bilan ta’minlash, tizimda ijro intizomini nazorat qilish borasida qator muammolar mavjudligi aytilgan. 

Shuningdek, sog‘liqni saqlash yo‘nalishida xalqaro investitsiyalar jalb qilinishini muvofiqlashtirish, bolalar tibbiyotida ilg‘or davolash usullarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha  ishlar ham yetarli darajada tashkil qilinmayotgani tanqid qilingan. 

Bu esa sog‘liqni saqlash sohasi boshqaruv tizimida hanuz zamon talablariga mos, yangicha fikrlovchi, tashabbuskor, muammoli masalalar yechimiga professional va kreativ yondashadigan kadrlar yetishmasligini ko‘rsatmoqda.

Shundan kelib chiqib, berilgan topshiriq va vazifalar hamda qo‘yilgan talablarni o‘z vaqtida bajarmagani sababli “O‘zmedimpeks” MCHJ direktori A.Nabiyev, Bolalar milliy tibbiyot markazi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi A.Sharipov egallab turgan lavozimidan ozod qilingan.  

Shuningdek, o‘z yo‘nalishida yetarli natija ko‘rsata olmagani bois vazirlikning Dori vositalari va tibbiy buyumlar va jihozlar muomalasini tartibga solish va muruvvat yordamini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i X.Ganiyeva hamda yana bir qator mas’ullar ham ishdan olingani ma’lum qilingan.

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘i bilan Investitsiya va grant loyihalarini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajarib kelgan N.Rasulov o‘z lavozimidan ozod etilgan. 

SSV tarqatgan xabarga ko‘ra, N.Rasulov o‘tgan davr mobaynida davlat sog‘liqni saqlash tizimi muassasalarini jihozlash ishlariga investitsiya va grant mablag‘larini jalb etish hamda ularni o‘zlashtirish bilan bog‘liq o‘z lavozim majburiyatlarini lozim darajada bajarmasdan kelgan.

“Bu holat esa davolash-profilaktika muassasalarini zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlash va shu orqali aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha Prezident topshiriqlari yetarli darajada ta’minlanmay qolishiga olib kelgan. Bundan tashqari, ushbu mas’ul xodim tomonidan ichki mehnat tartibi qoidalari ko‘p bor buzilish holatlari kuzatilgan”, deydi Yuridik boshqarma boshlig‘i Ruslan Muhammadiyev.


Maqola muallifi

Teglar

Sog'liqni saqlash SSV Amrillo Inoyatov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing